Yangi va sara qo‘shiqlar tanlovi
2024-08-26 15:30:00 / Yangiliklar

Unda yangi O‘zbekiston o‘g‘lonlari, muqaddas Vatan himoyasi, yurt tinchligiga bag‘ishlangan xilma-xil xonishlar tarannum etildi. Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar hamda Madaniyat vazirliklari, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining qo‘shma qaroriga muvofiq o‘tkazilgan tanlovda ishtirokchilarni shaffof va odilona baholash maqsadida malakali mutaxassislar jalb etildi. Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamenti qoshidagi “Turon” davlat harbiy teatri aktyorlari, yozuvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, xonanda va bastakorlardan iborat hakamlar hay’ati ishtirokchilarning har bir chiqishini sinchkovlik bilan kuzatib, xolisona baholadi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mudofaa vazirligi maxsus avariya-tiklash boshqarmasining “Impuls” jamoasidan kichik serjant Mirvohid Mirtursunov “Askar” taronasi bilan 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli vokal guruhi ijrosidagi “Matonat manbai” qo‘shig‘iga berildi. Ushbu ansamblning bir guruh xonandalari – serjant Sherzod Imonberdiyev, kichik serjant Akbar Fayziyev, Qurolli Kuchlar xizmatchilari Umid Haydaraliyev va Avaz Usmonov “Yangi O‘zbekiston” qo‘shig‘i bilan mutlaq g‘olib bo‘lib, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarga Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamenti tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






