Harbiy qismda oʻziga xos til kechasi bo‘lib o‘tdi
2024-08-09 16:55:00 / Yangiliklar
Turkiy tillar harbiy leksikasi mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan Chirchiq pedagogika universiteti yosh olimasi Feruza Murodovaning maʼruzasi harbiy xizmatchilar uchun yangi maʼlumotlarga boy boʻldi. Uning notiq sarkardalar hayotiga oid qiziqarli voqealar misolida aytgan fikr-mulohazalari, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasida nutqning ahamiyati borasidagi xulosalari yigʻilganlarni befarq qoldirmadi.
Maʼruzadan keyin muddatli harbiy xizmat askarlari oʻzbek, turkman, qozoq, ozarbayjon, qoraqalpoq shoirlari – Boborahim Mashrab, Maxtumquli, Mullanafas, Abay, Maqsud Shayxzoda, Ibroyim Yusupov timsolida sahnaga chiqib, ularning sheʼrlaridan namunalar oʻqishdi.
- Turkiy til dunyodagi eng goʻzal va boy til. Bunga toshbitiklardan tortib, hozirgacha turkiy tillarda yozilgan asarlarni oʻqigan kishi amin boʻladi. Manbalarda turkiyni jangchi tili ham deyishadi. Bugungi tadbirimizda askarlar faol boʻldi. Ularga tilimizning butun qudratiyu jilosini, harbiy ishlarda qoʻllanilishini, askarlarni ruhlantirish, ularga quvvat baxsh etishdagi rolini yetkazishga harakat qildik, — deydi tadbir tashkilotchisi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti