Qashqadaryoda “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi boʻlib oʻtdi
2024-05-27 09:50:00 / Yangiliklar

Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan saralangan 16 ta jamoa birinchilik uchun kechgan bahslarda o‘z qobiliyatlarini namoyon etdilar. Har bir jamoa tarkibida 8 nafar oʻgʻil hamda 2 nafar qiz bola ishtirokchilar boʻlib, bellashuvlar yoshlarning jismoniy, aqliy hamda harbiy tayyorgarlik borasidagi koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdi.
“Amir Temur bilimdoni” shartida ishtirokchilarning tarixga oid bilimlari tekshirilgan boʻlsa, “Duatlon” musobaqasida 100 metga yugurish va turnikda tortilish kabi jismoniy mukammallik darajasi yuzaga chiqdi.
Shuningdek, “Harbiy-amaliy koʻpkurash” bellashuvlari davomida oʻquvchilar pnevmatik quroldan nishonlarni yakson qilish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish, harbiylashgan estafeta, avtomatni notoʻliq qismlarga yoyish va yigʻish singari bir-biridan murakkab shartlarda toblanganlik darajalarini namoyon qildilar.
Ana shunday shiddatli ammo doʻstona ruhda kechgan bahslar sarhisobiga koʻra, 3-oʻrin Koson tumanining “Turon arslonlari” jamoasi loyiq koʻrilgan boʻlsa, 2-oʻringa Gʻuzor tumanining “Sohibqiron” jamoasi ega chiqdi. Faxrli 1-oʻrin esa barcha shartlarda ildamlikni qoʻldan bermagan Kitob tumanining “Sarhad lochinlari” jamoasiga nasib etdi.
Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
