Kon-geologiya vazirligi vakillari Senat qo‘mitasidagi 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi muhokamasida ishtirok etishdi
2025-01-15 11:40:00 / Yangiliklar
Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishlari kesimida 2025-yil uchun amaliy chora-tadbirlar rejasi, joriy yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati va har bir yo‘nalish kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan yangicha yondashuvlar 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foizga yetkazish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shuningdek, tadbirkorlar bilan “korxonabay” ishlarni tashkil qilish va mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash orqali 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish ko‘zda tutilmoqda.
Muhokamalarda 2025-yilgi davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilayotgan barcha yo‘nalishdagi maqsad-vazifalar xalqimiz farovonligini ta’minlashda, yurtimiz rivojini yuqori pog‘onaga ko‘tarishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.