Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida yoshlarga oid davlat siyosati yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida brifing
2024-12-24 14:55:00 / Yangiliklar
Vazirlik tizimidagi oliygohlarda bilim olayotgan, ilmiy tadqiqot institutlari hamda korxonalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar soni 32 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.
Vazirlik tomonidan yoshlar bilan ishlash, ularning doimiy malakasini oshirib borish hamda sogʻlom turmush tarzi asosida sport bilan shugʻullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan:
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar tomonidan yoʻnalishlaridan kelib chiqib kadrlar tayyorlash maqsadida jami 69 nafar, shundan, 50 nafar PIZA universitetining Toshkent filialida va 19 nafar talabalar M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida taʼlim olishi uchun 160 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirildi.
Shuningdek, 10 nafar horijda oʻqigan yoshlar bilan mehnat shartnomalari imzolanib, salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritildi.
Joriy yilda korxonalarda faoliyat olib boruvchi yoshlar boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy hordiq olishi uchun 1 ming 800 nafar yoshlar muzeylar, teatr va kinoteatrlarga tashriflari tashkil etildi, 70 dan ortiq sport tadbirlarida jami 8 ming nafar yoshlar toʻliq qamrab olindi.
Vazirlik hamda korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mumtazam ravishda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, yoshlarni qiynayotgan muammolar va takliflarini hal qilish boʻyicha choralar koʻrildi.
Joriy yilning iyul, avgust va oktyabr oylarida Kon geologiya vaziri 300 nafar yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazib, uchrashuvlarda yoshlarning muammo va takliflari oʻrganildi, ularni hal qilish boʻyicha tegishli topshiriqlar belgilandi.
Uchrashuv yakunida yil davomida faol boʻlgan bir qator yetakchi yoshlar vazirlikning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari A.Kadirxodjayev Piza universitetining Toshkent filiali talabalari bilan, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati”, “Oʻzbekgeofizika”, “Shargʻunkoʻmir”, “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari, “Oʻzbek geologiya qidiruv”, davlat muassasasi, “Navoiyuran” davlat korxonasi va boshqa tashkilotlar rahbarlari korxonada faoliyat olib boruvchi yosh xodimlar bilan ularni qiynayotgan muammolar va takliflarni eshitish maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etib, jami 1 ming 700 nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni va Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi yigʻilishi bayoni bilan Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziriga Toshkent shahri, Uchtepa tumanidan jami 26 nafar “qizil” toifadagi, alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar biriktirildi.
Biriktirilgan yoshlarning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali bandligini taʼminlash, hayotda oʻz oʻrnini topishi, shuningdek huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama koʻmaklashib borilishini taʼminlash maqsadida vazirlikning 2024-yil 17-apreldagi “Qizil” toifadagi, alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, istedodli va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi 46-sonli buyrugʻi qabul qilindi.
Buyruq bilan vazirlikga biriktirilgan yoshlar muammolarini aniqlash, muammolarni yechish boʻyicha takliflar kiritish hamda bartaraf etish tizimi ishlab chiqilib, ichki tartib belgilandi.
Biriktirilgan yoshlar “Koʻksaroy” va “Foziltepa” mahallalaridan 6 nafardan, “Diydor”, “Oʻrikzor” va “Zarafshon” mahallalalaridan 4 nafardan, “Quyi Darxon” mahallasidan 2 nafarni tashkil etadi.
Biriktirilgan yoshlarning 11 nafari – probatsiya nazoratida turuvchi, 9 nafari – profilaktik hisobda turuvchi, 4 nafari – muntazam dars qoldiruvchi 1 nafari – agressiv xulqli uyushmagan yoshlarni va 1 nafari – oilaviy ajrim yoqasidagi yosh oilani tashkil etadi.
Vazirlik ishchi guruhi tomonidan barcha yoshlar bilan joylarda yashash sharoitlari oʻrganilib, mavjud muammolari va hamda kelajakdagi rejalari bilan tanishildi.
Joriy yilning aprel oyida vazir oʻrinbosari boshchiligida biriktirilgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etilib, uchrashuvda yoshlarni hayotda oʻz oʻrnini topishi, bilimga intilish, kelgusidagi rejalar haqida fikr almashilindi va hayotiy tajribalardan misollar keltirildi.
Biriktirilgan yoshlarga berilgan tavsiyalar asosida “Yoʻl xarita”si ishlab chiqilib, ijroga qaratildi hamda joriy yilning yakuniga qadar toʻliq ijrosi taʼminlanishi yuzasidan tegishli masʼullar belgilandi.
Bugungi kunga qadar 4 nafar yoshlarning oliy oʻquv yurtlaridagi tahsil olishiga koʻmaklashildi, 1 nafar yoshlarning oliy oʻquv yurti talabalari safiga tiklanishiga amaliy yordam berildi, 2 nafar yoshlarning sogʻligʻini tiklash harajatlari qoplab berildi, 5 nafar yoshlarning oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun uskunalar bilan taʼminlanib, 3 nafar yoshlarning nodavlat taʼlim tashkilotlarida bilim olishlariga imkoniyatlar yaratib berildi.