Geologiya va geofizika instituti direktori A.Xoliqov ishtirokidagi brifing
2024-11-14 17:50:00 / Yangiliklar
Konferensiyaning yakuniy bosqichi bo‘yicha mazkur brifingda o‘tgan tadbirning ilmiy-amaliy ahamiyati, qo‘lga kiritilgan asosiy natijalar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va keyingi qadamlar haqida so‘z boradi. Ushbu konferensiya mamlakatimizda geologiya va tog‘-kon sanoati sohalarida ilmiy izlanishlar va amaliyotlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur anjumanda geologiya, qazilma boyliklar qidiruvi, ekologiya va ilmiy innovatsiyalar bo‘yicha sohaning yetuk mutaxassislari, olimlar va tadqiqotchilar yig‘ilib, tajriba almashdi, yangi tadqiqotlar va g‘oyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Konferensiya 6 ta sho‘bada tashkil etildi va har biri o‘ziga xos ilmiy va amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi. Tashkil etilgan sho’balar va ularning mazmuni quyidagicha:
Litosfera tuzilishining keng qamrovli geologik- geofizik modeli va asl, rangli, nodir va kamyob yer elementlari minerallashuvini chuqurlik sari bashoratlash sho‘basi, asosan, yer qobig‘ining tuzilishini chuqur o‘rganish, rangli va nodir yer elementlarining joylashuvini bashoratlash, kelajakda yangi konlarni aniqlash uchun nazariy va amaliy asoslarni yaratishga qaratilgan. Bu yo‘nalish, ayniqsa, tabiiy resurslarimizning barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Magmatizm, metasomatizm va ma’danlashuv sho‘basi yerning ichki qatlamlarida yuz beradigan jarayonlarni o‘rganib, ushbu tadqiqotlar ma’danlarning paydo bo‘lishi, ularning kimyoviy tarkibini tahlil qilish va ulardan foydalanishning eng samarali usullarini topishda katta ahamiyat kasb etadi.
Neft va gaz, yer osti suvlarining qidiruvi va qattiq foydali qazilmalarni aniqlashning zamonaviy va innovatsion usullari sho‘basi esa energiya manbalarining izlanishi va ulardan barqaror foydalanishni yo‘lga qo‘yishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashni ko‘zda tutadi. Energiya resurslariga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, ushbu yo‘nalish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
Tog‘-konchilik hududlarida kritik metallarni aniqlash va bashoratlashning istiqbollari sho‘basi tog‘-konchilikda yuqori texnologiyalar va zamonaviy uslublarni qo‘llashni targ‘ib qiladi. Kritik metallar hozirgi texnologik rivojlanish uchun muhim ahamiyat kasb etgani bois, ushbu tadqiqotlar mamlakatimiz sanoatining raqobatbardoshligini oshiradi.
Litogenez va foydali qazilmalar sho‘basi foydali qazilmalarning shakllanish jarayonlarini o‘rganib, yangi konlarni aniqlash va mavjud resurslarni tejab ishlatishga qaratilgan dolzarb mavzularni o’z ichiga oladi. Bu tadqiqotlar bizga tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yo‘llarini ko‘rsatib beradi.
Texnogenez va iqlim o‘zgarishi sharoitida geoekologiyaning dolzarb muammolari sho‘basi esa, texnogenez va iqlim o‘zgarishi sharoitida geoekologiya masalalarini yoritib beradi. Ushbu mavzu hozirgi kunda insoniyat oldida turgan global muammolardan biri bo‘lib, ekologik xavfsizlik va tabiiy resurslarni himoya qilish yo‘llarini qamrab oladi.
Ushbu sho‘balarda qilingan har bir ilmiy chiqish va munozaralar nafaqat hozirgi muammolarning yechimlarini topishga, balki kelajak avlod uchun barqaror rivojlanish poydevorini yaratishga hissa qo‘shishi bilan amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi.
Mazkur konferensiya xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalari o‘rnatildi, tadbirning xalqaro hamjamiyat uchun yuksak foydasi ta’kidlab o‘tildi.
Tadbir davomida xalqaro geologiya tashkilotlari va universitetlar bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilindi. Bu kelajakda yangi ilmiy izlanishlar, grantlar va tadqiqot dasturlari uchun imkoniyat yaratadi.
Konferensiya yakunida tadbir davomida keltirilgan ilmiy tavsiyalar va amaliy takliflar asosida quyidagi xulosalar qabul qilindi:
• Ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish: Kelajakdagi tadqiqotlar uchun asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi. Tadbirda muhokama qilingan mavzular asosida yangi ilmiy loyihalar va grant dasturlari amalga oshirilishi belgilandi.
• Kadrlar Tayyorlash va Malaka Oshirish: Geologiya sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamkorlikda maxsus treninglar va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish rejalashtirildi.
• Yangi hamkorlik loyihalari: Xalqaro tashkilotlar va xorijiy ilmiy markazlar bilan qo‘shma loyihalar va tadqiqotlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu yangi uskunalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini yaratadi va mamlakatimizda ilmiy izlanishlar sifatini yanada oshiradi.
O‘zbekiston geologiya va Tog‘-kon sanoatining jahon arenasidagi o‘rni: Ushbu konferensiya respublikamizning geologiya va tog‘-kon sanoati sohasidagi imkoniyatlarini jahon hamjamiyatiga namoyish etish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Xalqaro ekspertlar tomonidan mamlakatimizdagi tabiiy resurslar, foydali qazilmalar va ularni qazib olishda amaliyotga joriy qilinayotgan yondashuvlarga yuqori baho berildi.
Konferensiya dasturiga muvofiq 8-noyabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Qalmoqir va Yoshlik 1 konlari hamda Mineral resurslar instituti laboratoriyasiga ekskursiya uyushtirildi. Ekskursiya davomida konferensiyaga tashrif buyurgan xalqaro hamkorlar hamda yosh mutaxasislarga dunyo miqyosidagi unikal kon bo’yicha ma’lumotlar berildi. Laboratoriyaga tashrif davomida esa yuqori aniqlikdagi asbob-uskunalar, ularning ishlash jarayoni haqida qo’shimcha ma’lumotlar olindi hamda hamda mutaxasislar bilan fikr almashildi.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki Mazkur konferensiya O‘zbekistonning geologiya sohasidagi ilmiy salohiyatini jahon miqyosida namoyon etish, xorijiy tajribani o‘zlashtirish va ilmiy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim qadam bo‘ldi. Tadbir davomida erishilgan yutuqlar, o‘zaro almashilgan tajribalar va ilg‘or texnologiyalar orqali mamlakatimizning geologiya va tog‘-kon sanoatida katta yutuqlarga erishilishi kutilmoqda.