Kon-geologiya vazirligi tizimida yoshlar siyosatini amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlar xususida brifing
2024-08-16 12:10:00 / Yangiliklar
Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida yoshlarga oid davlat siyosati tasdiqlangan dasturga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan. Vazirlik tizimidagi oliygohlarda bilim olayotgan, ilmiy tadqiqot institutlari hamda korxonalarda 32 ming nafardan ziyod yoshlar faoliyat olib bormoqda.
Vazirlik tomonidan yoshlar bilan ishlash, ularning doimiy malakasini oshirib borish hamda sogʻlom turmush tarzi asosida sport bilan shugʻullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar tomonidan yoʻnalishlaridan kelib chiqib kadrlar tayyorlash maqsadida jami 69 nafar, shundan, 50 nafar PIZA universitetining Toshkent filialida va 19 nafar talabalar M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida taʼlim olishi uchun 160 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirildi.
Joriy yilning oʻtgan 6 oyi davomida korxonalarda faoliyat olib boruvchi yoshlar boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy hordiq olishi uchun 1 ming 200 nafar yoshlarga muzeylar, teatr va kinoteatrlarga tashriflari tashkil etildi, 50 dan ortiq sport tadbirlarida jami 3 ming 100 nafar yoshlar toʻliq qamrab olindi.
Vazirlik hamda korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan muntazam ravishda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, yoshlarni qiynayotgan muammolar va takliflarini hal qilish boʻyicha choralar koʻrilmoqda.
Joriy yilning iyul oyida Kon-geologiya vaziri 200 nafar yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazib, ushbu uchrashuvda yoshlarning muammo va takliflari oʻrganildi, ularni hal qilish boʻyicha tegishli ijrochilarga topshiriqlar berildi. Uchrashuv yakunida yil davomida faol boʻlgan bir qator yetakchi yoshlar vazirlikning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari A.Kadirxodjayev Piza universitetining Toshkent filiali talabalari bilan, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati”, “Oʻzbekgeofizika”, “Shargʻunkoʻmir”, “Oʻzmetkombinat”, “Oʻzbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatlari, “Navoiyuran” davlat korxonasi va boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etib, muloqot natijalari yuzasidan “Yoʻl xarita”si ishlab chiqildi.
Shu bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni va Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi yigʻilishi bayoni bilan Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziriga Toshkent shahri, Uchtepa tumanidan jami 26 nafar “qizil” toifadagi, alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar biriktirildi.
Vazirlik rahbariyati tomonidan Yoʻriqnoma asosida uyushmagan va hayotda oʻrnini topa olmayotgan alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar 30 yoshdan oshmagan “Probatsiya nazoratidagi”, “Profilaktik hisobda turgan”, “Muntazam dars qoldiruvchi” toifalariga kiruvchi yoshlar bilan manzilli ish tashkil etilib, ularni bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, hayotda oʻz oʻrnini topishiga va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga koʻmaklashish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2024-yil 17-aprelda “Qizil” toifadagi, alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, istedodli va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” Vazirlik buyrugʻi qabul qilindi.
Buyruq bilan vazirlikga biriktirilgan yoshlar muammolarini aniqlash, muammolarni yechish boʻyicha takliflar kiritish hamda bartaraf etish tizimi ishlab chiqilib, ichki tartib belgilandi. Biriktirilgan yoshlar “Koʻksaroy” va “Foziltepa” mahallalaridan 6 nafardan, “Diydor”, “Oʻrikzor” va “Zarafshon” mahallalalaridan 4 nafardan, “Quyi Darxon” mahallasidan 2 nafarni tashkil etadi.
Vazirlik ishchi guruhi tomonidan barcha yoshlarning uylariga borgan holda xatlov oʻtkazildi va yashash sharoitlari oʻrganilib, mavjud muammolari va hamda kelajakdagi rejalari bilan tanishildi. Joriy yilning aprel oyida vazir oʻrinbosari A.Kadirxodjayev boshchiligida biriktirilgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etilib, uchrashuvda yoshlarni hayotda oʻz oʻrnini topishi, bilimga intilish, kelgusidagi rejalar haqida fikr almashilindi va hayotiy tajribalardan misollar keltirildi.
Biriktirilgan yoshlarga berilgan tavsiyalar asosida “Yoʻl xarita”si ishlab chiqilib, ijroga qaratildi hamda joriy yilning yakuniga qadar toʻliq ijrosi taʼminlanishi yuzasidan tegishli masʼullar belgilandi. Bugungi kunga qadar biriktirilgan yoshlarning 3 nafariga oliy oʻquv yurtlaridagi tahsil olishiga koʻmaklashildi, 2 nafarining oliy oʻquv yurti talabalari safiga tiklanishiga amaliy yordam berildi, 3 nafarining nodavlat taʼlim tashkilotlarida bilim olishlariga imkoniyatlar yaratib berildi.