“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitini yoritish uchun xorijiy jurnalistlarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida
2025-03-13 16:00:00 / Yangiliklar va voqealar
Hurmatli xorijiy OAV vakillari!
2025 yil 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti boʻlib oʻtadi.
Tadbirda Yevrokengash va Yevropa komissiyasi prezidentlari Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen ishtirok etadi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirokidagi sammitga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 33-sonli qaroriga asosan ushbu tadbirni yoritish istagida bo‘lgan xorijiy jurnalistlarni vaqtinchalik akkreditatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi qaror ikki hafta ichida qabul qilinadi.
Xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmatiga Press@mfa.uz elektron pochta orqali ariza topshirilishi lozim.
Ariza topshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar: OAV rahbariyatining yozma murojaati, OAV vakillarining pasport nusxasi va biografik ma’lumotlari, shuningdek, OAV haqida qisqacha ma’lumot.
So‘ngi muddat: 2025-yil 19-mart, soat (Toshkent vaqti bilan) 18:00 ga qadar.