Toshkentda O‘zbekiston-Pokiston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
2025-02-05 17:40:00 / Yangiliklar va voqealar

2025 yil 5 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Pokiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 8-davrasi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev va Pokiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sayid Ali Asad G‘iloniy rahbarlik qildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston-Pokiston strategik munosabatlarining keng kun tartibi yuzasidan fikr almashildi hamda yaqin istiqbolda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvaliga alohida eʼtibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga o‘zaro qiziqish tasdiqlandi. Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va infratuzilma, logistika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi.
Muzokaralar kun tartibiga ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham kiritildi.