#rasmiy_munosabat
2025-03-05 13:40:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarning birida Qo‘qon shahrida joylashgan Norbo‘tabek madrasasining gumbaz qismida joylashgan yarim oy ramziga shikast yetgani aks etgan xabar qoldirilgan. Madaniy meros agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan vaziyat shu kunning o‘zida joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashgan “Norbo‘tabek madrasasi” tarixiy va madaniy ahamiyatga ega obyekt hisoblanib, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori asosida madaniy meros milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Fevral oyining yakunida sodir bo‘lgan kuchli shamol ta’sirida madrasaning gumbaz qismida joylashgan yarim oy ramziga ziyon yetgan. Hozirda Agentlikning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan yetkazilgan zarar bartaraf etilgani va obyektdagi vaziyat to‘liq nazoratga olinganini ma’lum qilamiz.