O‘zbekistonning xorijdagi moddiy madaniy boyliklarini aniqlash, tarixiy ahamiyatga ega buyumlarni xorijga olib chiqib ketish holatlarining oldini olish va ko‘rilgan choralar yuzasidan Badiiy ekspertiz boshqarma boshlig‘i Faxriddin Ro‘ziqulovning BRIFINGI
2025-02-17 15:05:00 / Matbuot anjumanlari

2024 yil davomida mamlakatimiz hududidan madaniy boyliklarni noqonuniy yo‘l bilan olib chiqishga urinish vaqtida bojxona xodimlari bilan hamkorlikda to‘xtatib qolingan, shuningdek, turli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishida vaqtinchalik saqlovga olingan 4.118 ta predmetlar bo‘yicha 434 ta ekspert xulosalari tayyorlangan. Ushbu jarayonda badiiy ekspertizadan o‘tkazilgan predmetlarning umumiy qiymati 2.037.316.000 ming so‘mdan ortiq qiymatni tashkil etdi.
Respublikamizda noqonuniy harakatlar jarayonida ushlab qolingan yoki musodara qilingan tarixiy, ilmiy, madaniy va muzey ahamiyatiga ega bo‘lgan barcha madaniy ashyolarni respublika davlat muzey fondlari hamda boshqa davlat zaxiraxonalariga topshirilgan.
Respublikaga madaniy boyliklar niqobi ostida olib kirishga urinish holatida to‘xtatib qolingan diniy ekstremistik adabiyotlar, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi audio-video materiallar, pornografik mazmundagi jurnallar, gazetalar, CD, DVD disklar va kino tasmalari ham o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi va yo‘q qilib tashlash tavsiya etiladi yoki ular belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga topshiriladi.
Xorijdagi kutubxona, muzey, fond yoki boshqa ilmiy-madaniy muassasalarda (Misr, Hindiston, Germaniya, Rossiya, Fransiya) saqlanayotgan O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid 500 ta madaniy boylikning (qo‘lyozma, miniatyura, sopol, tekstil, fotokolleksiya, munchoq, zirak, kosa, sferokonus va b.) ilmiy tavsifi tayyorlandi.
Agentlik tomonidan o‘tgan yil davomida Amerika Qo‘shma Shtatlari Prinston universiteti, Fransiya Milliy kutubxonasi Qo‘lyozmalar departamenti hamda Turkiya Respublikasi Sulaymoniya kutubxonasi (Lala Ismoil fondi)da saqlanayotgan 30 ta qo‘lyozmaning (Abu Ali ibn Sinoning “Al-Qasida fi an-nafs”va “Al-Qonun”asarlari, Mir Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub”va “Devoni Navoiy”asarlari va b.) elektron nusxalari olindi.
Xorijdagi madaniy boyliklarni targ‘ib etish borasidagi faoliyat bo‘yicha:
Xorijda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid jami 5587 ta qo‘lyozmaning ilmiy tavsifini o‘zida jamlagan 3 ta monografik tadqiqot nashr etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-may “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan “Aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan «Milliy merosga mening hissam!» umumxalq aksiyasi 2022-yil 1-iyuldan boshlab tashkil etilgan va doimiy ravishda” o‘tkazilmoqda.
Davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini xarid qilish uchun 2022-yil 1-iyuldan boshlab har yili Madaniy meros jamg‘armasiga Davlat byudjetidan madaniy meros va muzeylar sohasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha 3 mlrd. so‘mdan hamda hududlardagi tegishli davlat muzeylariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjetidan 500 million so‘mdan mablag‘ ajratilmoqda.
2024-yilda “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida davlat byudjetidan 3 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lib, aholidan madaniy boyliklarni sotib olish tadbiri davom ettirildi.
2024-yil davomida madaniy boyliklarni sotib olish tadbiri doirasida Agentlik huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashining 2 ta majlisi o‘tkazildi. Kengash majlisiga taqdim etilgan 341 ta madaniy boyliklardan 2.834.500 000 so‘mga jami 97 ta madaniy boyliklarni xarid qilish yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Bugungi brifingimiz orqali Madaniy meros agentligi faoliyatiga doir yetkazmoqchi bo‘lgan ma’lumotlarimiz shulardan iborat edi, salomat bo‘ling!