Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi
2025-02-07 11:15:00 / Yangiliklar
![Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Faaa63937-dc3e-bb25-7a01-17734f41fb12_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Joriy yil 7-fevral kuni Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 2025-yildagi navbatdagi yig‘ilishi Toshkentdagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida o‘tkazildi. Ushbu majlisda Kengash a’zolari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan dolzarb loyihalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish kun tartibidan Toshkent shahrining Chilonzor tumani, Beshyog‘och ko‘chasida joylashgan 4 qavatli turar joy binolarini Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha taklif va Shayxontohur tumani, Nurafshon ko‘chasida joylashgan “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligining tevarak-atrofini obodonlashtirish hamda yodgorlik hududini devor bilan o‘rash bo‘yicha tayyorlangan loyihalar o‘rin olgan. Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari tomonidan muhokama qilinadigan loyihalar haqidagi ma’lumotlar bilan Madaniy meros agentligining rasmiy sayti orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024-yilning 20-may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Qarorga muvofiq Kengashga moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlarning loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlari, ularda rejalashtirilgan asrashga doir ishlarni obyektning tarixiy va madaniy ahamiyati hamda noyobligiga putur yetkazmagan holda texnologiya va materiallarning qo‘llanilishi bo‘yicha tegishli xulosa berish kabi qator vazifalar yuklatilgan.