Buxoro “The New York Times” gazetasiga ko‘ra 2025-yilda tashrif buyurishga arzigulik sayohat manzillari ro‘yxatidan o‘rin oldi
2025-01-09 15:00:00 / Yangiliklar
Dunyoning eng nufuzli nashrlaridan biri AQSHning “The New York Times” gazetasi 2025-yilda tashrif buyurishga arziydigan 52 ta joylar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan Buxoroning tarixiy markazi 22-o‘rinni egalladi.
Buxoro MDH davlatlari orasida yagona diqqatga molik, Osiyoda 9 ta shahar orasida munosib deb topilib, qolgan e’tiborga sazovor maskanlar Yevropa, Afrika, Janubiy va Lotin Amerikasi qit’asi shaharlari orasida taqsimlangan.
Mazkur ro‘yxatda Buxoro shahrining noyabr oyida xalqaro va o‘zbekistonlik ijodkorlar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Buxoro biennalesi haqida batafsil ma’lumot keltirilgan. Tadbir 2025-yil 5−20-noyabr kunlari shaharning tarixiy hududida tashkil etiladi hamda zamonaviy san’atga bag‘ishlanadi.
“Biennale davomida Entoni Gormli kabi taniqli britaniyalik haykaltarosh, Misr va amerikalik oshpaz Layla Gohar, hindistonlik mashhur ijodkor Himali Singx Soin kabi jahon miqyosidagi yetakchi san’atkorlarning asarlari namoyish etilishi kutilmoqda”, deyiladi nashrda.
Shuningdek, YUNESKOning Butunjahon merosi obyekti sifatida eʼtirof etilgan Buxoro o‘zining boy tarixi, hunarmand va shoirlari bilan dunyoga mashhur. Tadbir mehmonlari uchun qayta ta’mirlangan karvonsaroy uslubidagi mehmonxonalar, madrasalar va ko‘p asrlik islom me’morchiligi durdonalari katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.