#rasmiy_munosabat
2025-01-08 19:20:00 / Yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlarning birida bloger tomonidan “1857-yilga tegishli me’moriy tarixiy obidani ham ayashmabdi” sarlavhasi ostida videorolik keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tarqalgan xabar yuzasidan Madaniy meros agentligi Davlat nazorati bo‘limi xodimlari va Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Hozirgi vaqtda “Baland” jome masjidida olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari Ilmiy-ekspert kengash tomonidan tasdiqlangan loyiha asosida amalga oshirilmoqda. Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan 2023-yilning 6–8-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda obyektdagi qurilish ishlari masjidning tarixiy qismi muzeylashtirilib, zarar yetkazmagan holda amalga oshirish belgilab qo‘yilgan. Bu haqda Madaniy meros agentligi 2023-yil 8-noyabrda o‘z rasmiy manbalarida xabar bergan.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida binoning tarixiy qismiga zarar yetkazilmaganligi aniqlandi. Qurilish tashkilotiga olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlarini tasdiqlangan loyihaga qat’iy rioya etgan holda bajarish zarurligi yana bir bor ta’kidlanib, tarixiy obidaga zarar yetkazilgan taqdirda qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilish mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Ma’lumot uchun, poytaxtning Shayxontohur tumani, Beshyog‘och ko‘chasi, 173-uyida joylashgan “Baland” jome masjidi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qaroriga asosan “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati”ga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Madaniy meros agentligi keng jamoatchilikning bu kabi holatlarga befarq emasligi hamda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashga o‘z hissalarini qo‘shayotganliklari uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi.