Rasmiy munosabat
2024-11-19 19:05:00 / Yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida joylashgan Zahiridddin Muhammad Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga turar-joy qurish rejalashtirilganligi haqidagi xabar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi, unga ko‘ra quyidagilar ma’lum qilinadi.
Andijon shahri Bobur hamda Amir Temur ko‘chalari kesishmasidagi Zahiriddin Muhammad Bobur monumental san’at yodgorligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori bilan Moddiy madaniy merosining ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan 2024-yilning 8-noyabrida Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasiga Andijon shahar Boburshoh hamda Amir Temur ko‘chalari kesishmasidagi Zahiriddin Muhammad Bobur monumental san’at yodgorligini Andijon shahar A.Fitrat ko‘chasida joylashgan “Jome me’moriy majmuasi” arxitektura yodgorligi hududiga ko‘chirilishi yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi 2001-yil 30-avgustdagi 269-II-sonli qonunining 20-moddasi 5-bandida “Moddiy madaniy meros obyektini hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish – moddiy madaniy meros obyektining tarixiy-badiiy qiymatini va asralishini o‘zgartirmasdan uning tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan unsurlarini ta’mirlash asosida undan hozirgi zamonda foydalanishga shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 265-son qarori 6-ilovasi 9.5-bandida “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xo‘jalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazishga oid loyihalarga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan xulosa berish belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Boshqarma tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur monumental san’at yodgorligini ko‘chirish masalasi yuzasidan tegishli tashkilotlarga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashidan xulosa olish uchun tushunchalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-sonli Qarorining 4-bandida:
- sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanishi;
- moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilab qo‘yilgan.