#rasmiy_munosabat
2024-09-20 12:30:00 / Yangiliklar
“Ashrat-Xona” maqbarasini asl holicha saqlab qolish hamda yog‘ingarchiliklardan himoya qilish maqsadida 2007-yilda homiylar ko‘magi asosida yodgorlikning ustki qismi yopilgan. 2016-yilda esa respublika mablag‘lari hisobidan maqbaraning ichki xonalarida konservatsiya ishlari amalga oshirilgan. Budjet mablag‘lari hisobidan 2023-yilda maqbara atrofi devor bilan o‘ralgan. “Ashrat-Xona” maqbarasiga tegishli bo‘lgan yer maydoni doimiy obodonlashtirish ishlarini taqozo etishi sababli xorijiy va mahalliy sayyohlarning ushbu obyektga tashrifi kam.
Yuqorida qayd etilgan holatni bartaraf etish maqsadida “Ashrat-Xona” maqbarasi hududida alkogolli ichimliklar sotilmaydigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari (oshxona) binosini qurish orqali yodgorlikka tegishli bo‘lgan yer maydoni doimiy ravishda obod saqlash imkoniyati yaratiladi. Oshxonaga tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy sayyohlar tarixiy obida bilan tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘lishadi.
Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashining 2022-yil 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan 25-sonli yig‘ilish bayoni 12-bandida - Samarqand shahar, Sadriddin Ayniy ko‘chasida joylashgan “Ashrat-Xona” tarixiy obidasining qurilishini olib borish loyihasi ma’qullangan.
Ilmiy-ekspert kengashining 2023-yil 13−14-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan 10-sonli yig‘ilishida yodgorlik loyihasi ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 6-martdagi “Moddiy madaniy meros obyektlarini va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini olgan holda ijaraga berish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ijaraga berishga rozilik berilgan.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahar Sadriddin Ayniy ko‘chasida joylashgan XV asrga oid bo‘lgan “Ashrat-Xona” maqbarasi arxitektura yodgorligi sifatida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Milliy ro‘yxatiga kiritilgan.