#rasmiy_munosabat
2024-06-26 09:50:00 / Yangiliklar
Samarqand shahrining “Dari Zanjir” mahallasida joylashgan sobiq 15-maktab binosi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxatida qayd etilmagan. Obyekt hududida xech qanday qabriston mavjud bo’lmagan. Ammo, lavhada so‘z yuritilgan bino YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy-me’moriy qo‘riqxona hududida joylashgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi 5150-son qarorning 4-bandi, ikkinchi xatboshida “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari madaniy meros Agentligi bilan majburiy tartibda kelishiladi” deya belgilangan.
Samarqand shahrida joylashgan sobiq 15-maktab binosini tadbirkor A.N. yer elektron auksion tanlovida yutib olgan. Xususiy tadbirkor hududda ikki qavatli mehmonxona qurish yuzasidan loyihani amalga oshirishga ruxsat olish uchun Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etgan. Agentlik o’z vakolatlari doirasida Romitan ko‘chasi 56-manzilda qurilishi mo‘ljallagan mehmonxona loyihani 7,6 metr yuqori bo‘lmagan balandlikda qurish sharti bilan ma’qullagan.
Hozirgi vaqtda fuqaro A.N. tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlari tegishli idoralar bilan kelishilgan amalga oshirilmoqda.