Turkiy tilli davlatlar yosh ijodkorlari anjumani bo'lib o'tmoqda
2024-04-18 11:30:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Buxoro shahrida Madaniyat vazirligi hamda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY bilan hamkorlikda Turkiy tilli davlatlar yosh ijodkorlari anjumani bo'lib o'tmoqda.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasida ilk bor tashkil qilinmoqda. Tadbirga Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlardan (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya, Ozarbayjon) 3 nafardan 18-30 yosh oralig‘ida yosh ijodkorlar taklif etilgan. Shu bilan birga, anjumanda respublikamizning har bir hududidan 1 nafardan ilg‘or yosh ijodkor hamda Buxoro shahri yoshlari ishtirok etishmoqda.
Anjuman doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda 1000 nafarga yaqin yoshlarni jalb etish ko'zda tutilgan.
17 - aprel kuni Buxoro shahrida anjumanning ochilish marosimi bo'lib o'tdi, unda O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi Sultan Rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari Botir Ergashev ishtirok etishdi.
Anjuman dasturi doirasida, “Turkiy tilli davlatlar yosh ijodkorlarining dunyo madaniyatidagi o‘rni” mavzusida anjuman, Buxoro musiqali drama teatrida “Ovsar” spektakli namoyishi, Buxoro viloyati hokimi nomidan qabul marosimi, shoir, yozuvchilar hamda madaniyat sohasi vakillari bilan ijodiy uchrashuvlar bo'lib o'tdi.
Anjumanning navbatdagi kunida mahorat darslari hamda Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat o‘rin olgan.