Madaniyat vazirligi xodimlari Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirishdi
2024-03-04 19:00:00 / Yangiliklar
Madaniyat va san’at sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Madaniyat vazirligining markaziy apparati boshqaruv xodimlari uchun 56 soatga mo‘ljallangan qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Kurs mavzu bo‘yicha muhokama hamda vebinar, suhbat – mini-ma’ruza shaklida, trening – aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, keys-stadi va bahs-munozara va boshqa interfaol usullarda tashkil etildi.
Kurs davomida tinglovchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimidagi ma’muriy tartib-taomillar, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati, O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati, odob-axloq qoidalari, inson huquqlari bo‘yicha milliy qonunchilik, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari, Dunyodagi geosiyosiy o‘zgarishlar va davlat siyosatini shakllantirish mexanizmlari, davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”)ni joriy etish istiqbollari, boshqaruvda tizimli tahlil va qaror qabul qilishning zamonaviy usullari, davlat xizmatchilarida liderlik va professional moslashuv ko‘nikmalarini shakllantirish va shu kabi boshqa bir qator mavzulardagi bilimlari mustahkamlandi.
Bir hafta davom etgan mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilarning kursni qay darajada o‘zlashtirilishi monitoring qilindi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov yakuniy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganlarga sertifikatlarni tantanali ravishda topshirib, ushbu qisqa muddatli malaka oshirish kursida olingan bilim, ko‘nikma va malaka ishni to‘g‘ri tashkil etish va samarali faoliyat yuritishda asqatishiga ishonch bildirdi.