Namunaviy madaniyat markazlari, mehnat intizomi va “Milliy qadriyatlar oyligi” masalalari muhokama qilindi
2024-03-02 21:35:00 / Yangiliklar
Namunaviy madaniyat markazlari, mehnat intizomi va “Milliy qadriyatlar oyligi” masalalari muhokama qilindi
Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga doir prezident qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining 104-sonli buyrug‘i qabul qilingan bo‘lib, uning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov zimmasiga yuklatilgan.
1-mart kuni Avazxon Tadjixanov raisligida tashkil etilgan videokonferensaloqa rejimidagi yig‘ilishda mutasaddilar ishtirokida mazkur buyruqda belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Xususan, “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillari, 28-29-mart kunlari Toshkent shahrida folklor-etnografik jamoalarning respublika teletanlovi o‘tkazilishiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni, ushbu tadbirlarga taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari, baxshilar, folklor-etnografik ansambllar, teatr va kino aktyorlari, sirk artistlari, raqs jamoalari va askiya san’ati ustalarini jalb qilish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar yuzasidan hududiy madaniyat boshqarmalari rahbarlarining hisoboti tinglandi.
Bundan tashqari, yig‘ilish kun tartibidan mahalliy hokimliklar tomonidan respublikadagi har bir tuman va shaharda bittadan namunali madaniyat markazlari ta’mirlanib, moddiy-texnika bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning muhokamasi ham o‘rin olgandi. Mazkur topshiriq davlatimiz rahbari raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishning 50-sonli bayonida ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra har bir tuman-shahardagi namunaviy madaniyat markazlari 2024-yilning noyabriga qadar foydalanishga topshirilishi belgilangan. Surxondaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlari madaniyat boshqarmalari rahbarlari har bir tuman va shahardagi qaysi madaniyat markazini ta’mirlash yoxud yangidan qurish bo‘yicha manzilli ro‘yxatni shakllantirib bugungi kunga qadar vazirlikka taqdim etishi kerak bo‘lsa-da, ushbu topshiriqni o‘z vaqtida bajarmagani uchun tanqidga uchradi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda prezident qarori bilan tasdiqlangan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ayni paytga qadar bajarilgan ishlar haqida axborot berilib, rahbarlarning shaxsiy javobgarligi hamda galdagi topshiriqlarning aniq muddati belgilab berildi.
Yig‘ilish davomida hududlardagi madaniyat markazlari xodimlarining mehnat intizomlariga rioya qilmayotganlari, lavozimiga sovuqqonlik bilan yondashayotgani, xususan, to‘garak rahbarligiga ishlayotgan xodimlarning aksari nomutaxassis ekanligi tanqid qilinib, ushbu masalalar har bir hudud rahbarining shaxsan nazoratida bo‘lishi belgilandi.