Xorazm viloyatida joylashgan madaniy muassasalar faoliyati o‘rganildi
2024-02-29 17:00:00 / Yangiliklar
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov Xorazm viloyatida joylashgan madaniy muassasalar faoliyatini o‘rgandi. Shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablari holatini o‘rganib, o‘quvchilarining ijod namunalari bilan tanishdi.
Vazir o‘rinbosari o‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida fuqarolarning murojaatlarini tingladi. Xususan, Urganch shahar 28-son “Navro‘z” Madaniyat markazi filial mudiri O.Ismailov “Joziba” cholg‘u jamoasiga 2023-yilda xalq havaskorlik jamoasi unvoni berilganligini biroq, bugungi kunga qadar moliya va iqtisodiyot bo‘limiga murojaat qilishiga qaramasdan belgilangan 2 ta shtat birligi ajratilmaganligini, shuningdek, Urganch shahrida markaziy shahar madaniyat markazi tashkil qilinmaganligini bildirib ushbu muammolarni bartaraf etishda amaliy yordam so‘ragan.
Shuningdek, Urganch tuman 11-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi M.Otajanova o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan maktabni Royal musiqa cholg‘usi bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘ragan.
Yuqoridagi murojaatlar atroflicha muhokama qilingan holda bildirilgan masalalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida, vazir o‘rinbosari Murodjon Majidov tegishli mutassadilarga zudlik bilan amaliy choralar ko‘rilib, fuqarolar murojaatini ijobiy hal etilishi bo‘yicha topshiriqlar berdi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha hududiy madaniyat bo‘limlari, madaniyat markazlari va musiqa maktablari rahbarlariga ish sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.