Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti uchun tanlov e’lon qilindi
2024-02-19 11:30:00 / Yangiliklar
Madaniyat vazirligi hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti uchun tanlov e’lon qiladi.
Tanlovda o‘tgan yillar davomida Botir Zokirovning asarlarini muxlislarga havola etib kelgan san’atkorlar, estrada yo’nalishida qo‘shiqlari ommalashgan bastakorlar, rang-tasvir san’ati bilan e’tirofga sazovor bo‘lgan rassomlar, buyuk san’atkor ijodini keng targ‘ib qilishga hissa qo‘shgan ijodkorlar, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish borasida munosib tashabbus ko‘rsatgan faol insonlar ishtirok etishi mumkin.
Hukumat qaroriga ko‘ra, mukofotga sazovor bo‘lgan ijodkorlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan moddiy rag‘batlantiriladi va ularga mukofot maxsus statuetkasi hamda sertifikat topshiriladi.
Tanlov quyidagi 6 ta nominatsiya asosida o‘tkaziladi:
- “Eng yaxshi estrada xonandasi”
- “Eng yaxshi kompozitor”
- “Eng yaxshi aranjirovkachi-bastakor”
- “Eng yaxshi tasviriy san’at ustasi”
- “Eng yaxshi targ‘ibotchi-ijodkor”
- “Eng yaxshi prodyuser-tashabbuskor”
Tanlovda ishtirok etish uchun, o‘z ijodiy namunalari, ijodiy va tashabbuskorlik faoliyati to'g'risidagi ma’lumotlar nomzodlar yoki ularning vakillari tomonidan 2024-yil 1-martga qadar milliymukofot@gmail.com elektron pochtasiga yuborilishi lozim.
Bunda, ariza beruvchilar quyidagi hujjatlarni ilova qilishlari shart:
1) Tanlagan nominatsiya nomi va ishtirokchining telefon raqami;
2) Ma’lumotnoma-obyektivka - (barcha istirokchilar uchun shart);
3) Agarda mavjud bo’lsa, ma’lumotingizni tasdiqlovchi hujjat (diplom nusxasi) - (barcha istirokchilar uchun);
4) 1,2,3 va 4-nominatsiyalar uchun - Siz tarafdan estrada yo’nalishida ijro etilgan asarlar, bastalangan kuy-qo’shiqlar, yaratilgan kompozitsiyalar yoki tasviriy san’at ijodiy namunalaringiz (eng ko’pi bilan 5 tagacha);
5) 5-nominatsiya uchun - ommaviy axborot vositalarida sizning Botir Zokirov haqida tayyorlagan teleko’rsatuv va radioeshittirishlaringiz yoki mamlakatimizda va chet ellarda chop etilgan maqolalaringiz va boshqa targ‘ibot-ijodiy ishlaringiz haqida to’liq ma’lumot;
6) 6-nominatsiya uchun - Siz tomondan milliy estrada san’atini rivojlantirish va ommalashtirish yo’lida amalga oshirgan prodyuserlik va tashabbuskorlik ishlaringiz to’g‘risida batafsil ma’lumotnoma.
Belgilangan muddatdan kech taqdim etilgan hujjatlar qabul qilinmaydi.
Batafsil ma’lumotlar uchun:
Elektron pochta - milliymukofot@gmail.com
Telegram - (+998) 99-410-0910
Тelefon: (+998) 71-234-5099.