13-15-fevral kunlari Abu-Dabida YUNESKOning madaniyat va san'at ta'limi bo'yicha Butunjahon konferensiyasi bo'lib o'tmoqda
2024-02-15 10:45:00 / Yangiliklar
2024-yil 13-fevral kuni Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari A.Tadjixanov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro madaniyat va san’at ta’limi konferensiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.
Konferensiyada ishtirok etayotgan xorijiy delegatsiyalari bilan aloqalar o‘rnatildi. Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vaziri O.Lyubimova, Moldova Respulikasi Parlamenti deputati V.Garouch hamda Ozarbayjon, Ummon delegatsiyalar bilan hamkorlik aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha fikrlar almashildi.
2024-yil 14-fevral kuni Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari A.Tadjixanov Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro madaniyat va san’at ta’limi konferensiyasi doirasida madaniyat va san’at ta’limida ekosistema va institutilizatsiya ta’sirini oshirish to‘g‘risidagi sessiyasida o‘z nutqi bilan ishtirok etdi. U o‘z nutqida bugungi kunda yurtimizda madaniyat va san’at sohasida Madaniyat vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, bugungi kundagi muammolar hamda uning yechimlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Jumladan, mamlakatimizda keyingi yillarda madaniyat va san’at sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tizimli takomillashtirish borasida salmoqli qadamlar qo‘yilganligi, bunday mustahkam yondashuv yoshlar o‘rtasida ijodiy iste’dodni rivojlantirish, san’atning barcha yo‘nalishlarida jahon madaniy merosini o‘rganishni rag‘batlantirishga qaratilganligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, madaniyat va san’at sohasida ma’lum yutuqlarga erishilgan bo‘lsada, mavjud muammolarni hal etish va iste’dodlarni har tomonlama rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni hamkorlikda amalga oshirish lozimligi va bu madaniyat va san’at ta’limi ekotizimini jamiyat manfaati uchun xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Konferensiya doirasida YUNESKO direktori o‘rinbosari S.Djaninni xonim bilan uchrashuv o‘tkazilib, mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan sa’at sohasidagi ta’lim yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi favquloddagi elchisi A.Oqqulov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda Birlashgan Arab Amirliklarida yurtimiz madaniyatini targ‘ib etish, teatr, kino san’at sohasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari A.Tadjixanov boshchiligidagi delegatsiya Abu-Dabi Luvr muzeyiga tashrif buyurdi. Mazkur muzey faoliyati va unda saqlanayotgan eksponatlar bilan tanishildi.