O‘zbekiston va Indoneziya kinoijodkorlari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-02-27 15:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, "O‘zbekfilm" kinokonserni" DUK direktori Bahodir Muhammadov hamda Indoneziyaning “Tobali film” direktori Deni Juliarto, “Khata Media” direktori Charles Vinsentlar o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida indoneziyalik kinoijodkorlar O‘zbekiston va Indoneziya madaniyati targ‘ibotini o‘zida mujassam etgan badiiy filmni suratga olishni reja qilishayotgani, bu borada Agentlik bilan ijodiy hamkorlikka umid bog‘lashayotganini ma’lum qilishdi.
Indoneziyalik kinoijodkorlar muloqotda mazkur film ko‘p jihatdan buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy hayoti va ijodiga bag‘ishlanishi haqida qayd etishib, tasvirga olish ishlari jumladan transport, texnika va manzillar bo‘yicha tashkiliy jarayonlarda ham ko‘mak so‘rashdi.
O‘zbekiston tomoni tasvirga olinajak, badiiy film ssenariysi taomilga ko‘ra, Agentlikning Ekspertlar kengashi ko‘rigidan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingach hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ta’kidlashdi.
Tasvirga olish jarayonidagi tashkiliy ishlar minimal miqdorda kelishilgan narxlarda amalga oshirilishi belgilab olindi.