Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov xizmat safari bilan Navoiy viloyatida bo‘ldi
2025-02-27 10:30:00 / Yangiliklar

Xizmat safari davomida tuman madaniyat bo‘limlari va bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyati o‘rganildi. Xususan, o‘rganishlarning dastlabki manzili Qiziltepa tumani “Nafosat” madaniyat markazi bo‘ldi. Jarayonda Murodjon Majidov markazda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari madaniyat bo‘limiga qarashli madaniyat markazlarida amalga oshirilgan qurilish ta’mirlash jarayonlarini ham o‘rgandi.
O‘rganish ishlari Qiziltepa tumani 3-son bolalar musiqa va san’at maktabida davom etdi. Vazir o‘rinbosari viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Nodir Niyozov hamrohligida musiqa maktabida yaratilgan sharoitlar, qayta tiklanuvchi quvvat manbalaridan foydalanish holati kabi bir qancha masalalarni o‘rganishdi. Tuman madaniyat bo‘limiga qarashli 20-son “Humo” madaniyat markazida davom etgan jarayonda ham markazda tashkil etilgan to‘garaklar va badiiy jamoalar faoliyati hamda markaz kutubxonasi ko‘zdan kechirildi.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov rahbarligidagi o‘rganish ishlarining galdagi manzili Konimex tumani bo‘ldi. Hozirda Prezidentimizning 50-son bayoniga asosan har bir hududda namunali tashkil etiladigan madaniyat markazlari manzilli ro‘yxati asosida ta’mirlanayotgan tuman madaniyat bo‘limiga qarashli 7-son Do‘stlik madaniyat markazidagi qurilish-ta’mirlash jarayonlarini ko‘zdan kechirgan Murodjon Majidovning navbatdagi manzili Konimex tuman 4-son bolalar musiqa va san’at maktabi bo‘ldi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.