Koreya Respublikasining Madaniyat vazirligi vakillari O‘zbekiston Madaniyat vazirligida bo‘ldi
2025-02-23 17:55:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Madaniyat vazirligi binosida Madaniyat vazirining Xalqaro aloqalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shohrux Akbarov hamda Koreya Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Osiyo madaniyat markazi bosh direktori Kim Sangug boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida 2025-yil O‘zbekiston va Koreya o‘zaro almashinuv yili doirasida Koreya Respublikasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” hamda O‘zbekistonda “Koreya madaniyat kunlari” tadbirlarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga (2024-yil 13-15-iyun kunlari) davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy Harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ning 38-bandida “O‘zbekiston va Koreya o‘zaro almashinuv yili”ni o‘tkazish topshirig‘i yuklatilgan.
Shuningdek, koreyalik mehmon tomonidan joriy yilning sentyabr oyida Osiyo madaniyat markazida O‘zbekiston madaniyati va urf-odatlarini targ‘ib qilishga ixtisoslashgan alohida bo‘lim ochilishi rejalashtirilayotgani hamda mazkur bo‘lim muzey ko‘rinishida bo‘lishi va tashrif buyuruvchilarni O‘zbekiston urf-odatlari va an’analari, shuningdek madaniyatini bilan keng targ‘ib qilishga qaratilishi ma’lum qilindi.
O‘z o‘rnida, vazir maslahatchisi koreyalik do‘stlarga bunday tashabbus uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, Madaniyat vazirligi mazkur loyihani vakolati doirasida qo‘llab quvvatlashini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun: Markaz direktori tashabbusi bilan O‘zbekiston bo‘limini tashkil etish va uni O‘zbekiston madaniyati va tarixini aks ettiruvchi inventarlar bilan boyitish taklif etilmoqda. Shuningdek, mazkur loyihani amalga oshirishda, xususan targ‘ibot materiallarini sotib olishdagi moliyaviy sarf-xarajatlarning teng yarmini qoplashni ma’lum qilgan.