Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligi madaniyat vaziri, shahzoda Badir bin Abdulloh bin Muhammad bin Farxon Al Saud bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-02-14 17:00:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, 12-13-fevral kunlari Jidda shahrida Islom dunyosi Madaniyat vazirlarining 13-yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Mazkur konferensiya doirasida O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Tashrif davomida, O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Islom dunyosi Madaniyat vazirlarining 13-yig‘ilishida ishtirok etdi hamda ICESCO bosh direktori Salim Al-Malik o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Shuningdek, mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi madaniyat vaziri, shahzoda Badir bin Abdulloh bin Muhammad bin Farxon Al Saud o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va turizm sohalarida tobora rivojlanib borayotgan hamkorlikni ta’kidladi.
Vazir mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tarixiy va ilmiy aloqalarga toʻxtalib, buyuk islom allomalari – Imom al-Buxoriy, Mahmud az-Zamaxshariy, Abu Iso at-Termiziy kabi olimlar Makka va Madina shaharlarida ilmiy faoliyat olib borganini eslatib oʻtdi.
Shuningdek, madaniy hamkorlikning kengayib borayotgani ta’kidlanib, oʻzbek vakillari Qizil dengiz xalqaro kinofestivali, Riyod mavsumi va Sharqiya mavsumi kabi Saudiya Arabistonining nufuzli tadbirlarida faol ishtirok etayotgani qayd etildi.
Oʻzaro aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:
Madaniy almashinuv dasturlari – 2025-yil may oyida Riyod shahrida "Oʻzbekiston madaniyati kunlari" va 2026-yilda Toshkentda "Saudiya Arabistoni madaniyati kunlari"ni tashkil etish;
Ta’lim va madaniyatga investitsiyalar – Oʻzbekistondagi oliy ta’lim muassasalari, teatrlar va madaniyat markazlari uchun grant va stipendiya dasturlarini yoʻlga qoʻyish hamda Saudiya Arabistoni investorlarini ushbu sohalarga sarmoya kiritishga taklif etish;
Arab kalligrafiyasini oʻrganishda hamkorlik – Saudiya Arabistonida arab kalligrafiyasi tarixi boʻyicha hujjatli film tayyorlanayotgani inobatga olinib, Oʻzbekistondagi nodir qoʻlyozmalar asosida qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish taklif etildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston madaniyat vaziri mehmondoʻstlik va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.