Vengriyaning Budapesht shahrida “O‘zbek kino kunlari” tadbirlari o‘tkazildi
2025-02-05 12:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 30-yanvardan 3-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori boshchiligidagi O‘zbekiston kinoijodkorlari delegatsiyasi Vengriya Respublikasi Budapesht shahrida tashkil etilgan “O‘zbek kinosi kunlari”da ishtirok etdilar.
30-yanvar kuni delegatsiya a’zolari Vengriya Milliy kino insititutining yangi “NFI” kinostudiyasi ochilish marosimida ishtirok etdilar. “NFI” kinostudiyasining ochilish marosimida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Vengriya kino komissari va Vengriya milliy kino institutining direktori Csaba Kael, hamda bir qator xalqaro tashkilot vakillari qatnashdilar.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar tomonidan “NFI” kinostudiyasi hozirgi kunda dunyoning eng yirik kinostudiyalaridan biri ekanligi va uning imkoniyatlari e’tirof etildi.
Tadbir davomida Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashib, Budapeshtda tashkil etilayotgan “O‘zbek kino kunlari” tadbiri haqida ma’lumot berdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban “O‘zbek kino kunlari” tadbiriga muvaffaqiyat tilab, hamkorlikni yanada rivojlantirish haqida tilaklar bildirdi.
31-yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Budapesht shahridagi 130 yillik tarixga ega bo‘lgan “Urania” kinoteatriga “O‘zbek kino kunlari” tadbiri ochilish marosimiga tashrif buyurishdi. Tadbirda Vengriya milliy kino instituti direktori Csaba Kael O‘zbekiston Respublikasi bilan aloqalar haqida so‘z yuritib, Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda katta rejalar tuzilayotganligi to‘g‘risida to‘xtaldi.
“O‘zbek kinosi kunlari” doirasida “Ilhaq”, “Faridaning 2000 qo‘shig‘i”, “Pandemiya” va “House” filmlari tashrif buyurgan tomoshabinlarga taqdim etildi. Har bir film namoyishidan so‘ng vengriyalik muxlislar film haqida o‘zlarining iliq fikrlarini izhor etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tadbirlar davomida Vengriya Milliy kino institutining “Filmlabor” filmlar arxiviga va “Origo” studiyalariga tashrif buyurishdi. “Filmlabor” arxividagi plyonkada saqlanayotgan filmlarni raqamlashtirish va raqamli filmlarni plyonkaga o‘girish ishlari bilan tanishildi. “Origo” studiyasiga tashrif davomida o‘zbek kinoijodkorlari studiyaning texnik imkoniyatlarini o‘rganib, ish olib borish faoliyati, dekoratsiyalari, studiyada suratga olingan filmlar bilan yaqindan tanishishdi.
1-fevral kuni Kinoijodkorlar O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasiga tashrif buyurishdi. Tadbir davomida O‘zbekistonning Vengriyadagi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Shaxavdinov, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Vengriya milliy kino instituti direktori o‘rinbosari Akosh Pal va Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonovlar so‘zga chiqib, Vengriyada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar va vatandoshlar bilan muloqotda bo‘lishdi.
Tadbirning ikkinchi qismida Vengriya bilan hamkorlikda suratga olinishi rejalashtirilayotgan “Herman Vamberi va mulla Ishoq” filmiga ikki tomondan prodyusserlar ta’yinlash masalasida Vengriyalik kinoijodkorlar bilan muzokaralar olib borildi.