Qozog‘istonning Ostona shahrida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kengashining ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi
2025-02-09 14:30:00 / Yangiliklar

Unda vazir maslahatchisi Shavkat Ortiqov, Xalqaro hamkorlik va reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Sarvar Foziljonovdan iborat O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi delegatsiyasi faxriy mehmon sifatida qatnashdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiprezidenti Аktoti Raimkulova, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Аdil Karimli, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va axborot vaziri Аida Balayeva hamda Qirg‘iziston va Turkiyadan mas’ul vakillar ishtirok etgan tadbirda 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, joriy va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar muhokama etildi.
Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Аktoti Raimkulova o‘z so‘zida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida eʼtirof etar ekan, o‘tgan yilning noyabr oyida Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga to‘laqonli aʼzo bo‘lishga tayyorligini bildirgani katta mamnuniyat bilan qabul qilinganini taʼkidladi. O‘z navbatida, Jamg‘arma faoliyati rivojida mamlakatimizning ishtiroki juda muhimligiga urg‘u berdi.
Vazir maslahatchisi Shavkat Ortiqov yurtimizda Prezidentimiz boshchiligida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilish, xalq og‘zaki ijodiyoti va havaskorlik sanʼatini yanada ommalashtirish, madaniyat va sanʼat sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Mazkur jarayonda “Sharq taronalari”, Xalqaro baxshichilik sanʼati, Xalqaro maqom sanʼati, “Lazgi”, Xalq hunarmandchiligi singari nufuzli festival va anjumanlar, shuningdek, madaniyat kunlari, tasviriy va amaliy sanʼat ko‘rgazmalari hamda boshqa muhim tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilyotgani, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarimizda joylashgan madaniy meros obyektlarini saqlash va uning turistik salohiyatini oshirishga katta eʼtibor qaratilyotganini aytib o‘tdi. O‘z navbatida, Madaniyat vazirligining takliflarini bildirdi.
Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kengashining ikkinchi majlisi doirasida bir qator madaniy tadbirlar ham tashkil etildi.