TURKSOY Xalqaro Teatr Mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
2025-02-06 12:00:00 / Yangiliklar
Mukofotlanganlar orasida o‘zbekistonlik teatr sohasi vakili ham bor…
Kuni kecha Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan tantanali mukofotlash marosimida 2024-yilgi TURKSOY Xalqaro Teatr Mukofotlari Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan o‘z sohalarida muvaffaqiyat qozongan teatr san’atkorlariga topshirildi.
Mazkur mukofot har yili TURKSOY Bosh kotibligi va “Tiyatro” gazetasi hamkorligida, turk dunyosida teatr sohasida ijod qilayotgan yetakchi san’atkorlarni rag‘batlantirish maqsadida taqdim etiladi.
Tantanali marosim “Tiyatro” gazetasi asoschisi Nazif Usluning ochilish nutqi bilan boshlandi. Uslu, marosimning ularning sahnasida o‘tkazilayotganidan mamnun ekanligini bildirib, chet el va Turkiyaning turli shaharlaridan kelgan teatr sohasi vakillarini Istanbulda qabul qilishdan faxrlanishini ta’kidladi.
So‘ngra TURKSOY Bosh kotibi Sultan Rayev marosim ishtirokchilarini tashkilot nomidan qutlab, Xalqaro Anadolu Teatr Mukofotlarining 10-marosimida qatnashayotganidan mamnunligini izhor etdi. U TURKSOYning turk dunyosi madaniyat va san’atini rivojlantirishga qaratilgan muhim loyihalari haqida qisqacha ma’lumot berdi. Xususan, Rayev tashkilotning teatr san’atini rivojlantirishdagi sa’y-harakatlari doirasida 2025-yilda: Xalqaro TURKSOY Teatr Festivalining
3-marotabasi Qozog‘istonning Aktau shahrida, Xalqaro Turk Dunyo Talaba Teatr Festivalining 3-marotabasi Olmaota shahrida o‘tkazilishini e’lon qildi.
Shuningdek, TURKSOY qoshida faoliyat yuritayotgan a’zo davlatlar teatr rahbarlari Bosh Assambleyasi yil sayin turk dunyosi teatrlarining o‘zaro hamkorligini kengaytirayotganini ta’kidladi.
Marosim davomida “Tiyatro” gazetasi Xalqaro Anadolu Teatr Mukofotlari hay’ati qarori bilan quyidagi san’atkorlar TURKSOY Xalqaro Teatr Mukofotlari bilan taqdirlandilar:
1. Fahriddin Manafov (Ozarbayjon) – “Turk dunyosining eng yaxshi erkak teatr aktyori” toifasida;
2. Duman Ramazon (Qozog‘iston) – “Turk dunyosining eng yaxshi pyes yozuvchisi” toifasida;
3. Ulanmirza Karipbayev (Qirg‘iziston) – “Turk dunyosining eng yaxshi teatr rejissori” toifasida;
4. Jaloliddin Rahimov (O‘zbekiston) – “Turk dunyosining eng yaxshi dekor dizayneri” toifasida;
5. Sibel Erdenk (Turkiya) – “Turk dunyosining eng yaxshi teatr xoreografi” toifasida;
6. Ayla Hashmetli (Shimoliy Kipr Turk Respublikasi) – “Turk dunyosining eng yaxshi ayol teatr aktyori” toifasida.
Shuningdek, “Tiyatro” gazetasi tomonidan O‘zbekistonning Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Olmaxon Berdimuratova ikki davlat madaniy aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikda olib borgan samarali faoliyati uchun “Xalqaro teatr mukofoti”ga sazovor bo‘ldi.
TURKSOY Bosh kotibi Sultan Rayev barcha mukofot egalari va ishtirokchilarni tabriklab, ularning turk dunyosi teatr san’atining rivojiga qo‘shgan hissalarini yuksak baholadi. Shuningdek, ushbu marosimni tashkil etishda xizmat qilgan “Tiyatro” gazetasi jamoasiga va barcha tashkilotchilarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Ushbu marosim turk dunyosi teatr san’atining rivojlanishi va xalqaro hamkorlikning yanada mustahkamlanishi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Manba: https://www.turksoy.org/uz-UZ/Yangiliklar/turksoy-xalqaro-teatr-mukofotlari-oz-sohiblarini-topdi