O‘zbekiston va Malayziya madaniyat vazirlari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-02-04 11:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Sing o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
“Bizning kuchimiz xilma-xilligimizda, turli madaniyatlar va an’analarni hurmat qilish orqali biz haqiqiy birlikka erishamiz” - dedi Ozodbek Nazarbekov uchrashuv davomida.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniyat va san’at sohasida ham tobora rivojlanib bormoqda.
Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida turli sohalardagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Oliy darajadagi tashriflar va davlatlararo muloqotning yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunga kelib, oliy darajada 6 ta tashrif amalga oshirildi. 2020-yilda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida “do‘stlik guruhlari” tashkil etildi, bu esa parlamentlararo muloqotni sezilarli darajada faollashtirdi.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning 2024-yilning may oyidagi O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning yangi davrini boshlab berdi.
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlik darajasini, ikki davlatda tashkil etilayotgan xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston va Malayziya san’atkorlarining doimiy ishtirokidan ham sezib olish mumkin.
Xususan, 2024-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Lazgi”, “Maqom” va “Sharq taronalari” xalqaro festivallarida Malayziya vakillari muntazam ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Shuningdek, 2024-yilning 26-29-noyabr kunlari Malayziya Islom ilm-fan universiteti delegatsiyasi tomonidan Toshkent arxitektura va qurilish binosida “O‘zbekistonda san’at va islom tarixi va inqilobi” kitobining taqdimoti yuqori saviyada tashkil etildi.
Yuqoridagi ko‘p qirrali hamkorlikning rivoji mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga zamin yaratishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Malayziya xalqlari o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalari din mushtarakligi, urf-odatlar va madaniy qadriyatlarning o‘xshashligiga asoslanadi.
Uchrashuv davomida, joriy yilda ikki tomonlama hamkorlik tarixidagi eng muhim va voqealarga boy yillardan biri bo‘lishiga umid bildirildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston tomonidan bir qancha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamkasbi Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Singni O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 33 yil to‘lishi munosabati bilan tabrikladi.