“Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
2025-02-03 14:00:00 / Yangiliklar
![“Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F23453591-08b0-501a-96d3-5cb37745b77c_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Kuni kecha mamlakatimiz madaniyati va san’atini yuksaltirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishda salmoqli, serqirra ijodi bilan katta hissa qo‘shgan iste’dodli bir guruh ijodkorlar “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofoti bilan taqdirlandi.
“Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofoti bilan taqdirlash marosimi har yilgidan ko‘ra, bu yil o‘zgacha ruh va formatda o‘tkazilganligi bilan ajralib turdi.
Mukofotga teatr, sirk, musiqa sohasining estrada, an’anaviy, akademik, folklor, bastakorlik, kompozitorlik, raqs, shuningdek, tasviriy va amaliy san’at, badiiy ijod hamda madaniyat va san’atning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan soha vakillari orasidan nomzodlar ko‘rsatilib, 20 nafari taqdirlandi.
Nizom (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi PQ-594-son qarori) talablaridan kelib chiqqan holda, madaniyat va san’at sohasidagi ijodkorlarni yil yakuni bo‘yicha ijodiy faoliyatida erishgan yutuqlaridan kelib chiqqan holda nomzodlarni ko‘rib chiqish va tanlab olish “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti komissiyasi tomonidan amalga oshirildi.
Unda, quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi:
▪️ Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi — Sevara Shodiyeva (“Romeo va Juletta” spektaklidagi Juletta roli uchun);
▪️ Yilning eng yaxshi teatr aktyori — Hamza Hasanov (“Cho‘lpon” spektaklidagi Cho‘lpon roli uchun);
▪️ Yilning eng yaxshi teatr rejissyori — Obidjon Abdullayev (“Kulolning armoni” spektakli uchun);
▪️ Yilning eng yaxshi qo‘g‘irchoq teatri spektakli — “Alp o‘g‘lon” (Qashqadaryo viloyati qo‘g‘irchoq teatri. Sahnalashtiruvchi rejissyor: Akmal Xudoyorov);
▪️ Yilning eng yaxshi teatr spektakli — “Cho‘lpon” spektakli (O‘zbek Milliy akademik drama teatri);
▪️ Aholiga xizmat qilgan yilning eng yaxshi kutubxonasi — Sa’dulla Kurbanbayev (Toshkent viloyati ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi direktori);
▪️ Yilning eng yaxshi milliy madaniy markazi — Respublika turkman milliy madaniy markazi;
▪️ Yilning eng yaxshi badiiy filmi — “Bahodir Yalangto‘sh” (Rejissyor: Jahongir Ahmedov);
▪️ Yilning eng yaxshi adibi (shoiri) — Qutlibeka Rahimboyeva (“Saodat” jurnali ijtimoiy-siyosiy bo‘limi mudiri);
▪️ Yilning eng yaxshi media loyihasi — “Ovoz” teleloyihasi;
▪️ Yilning eng yaxshi sozandasi — Saidakmalxo‘ja Tursunxo‘jayev (O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Bek” milliy doirachilar guruhi);
▪️ Yilning eng yaxshi orkestri — O‘zbekiston davlat simfonik orkestri;
▪️ Yilning eng yaxshi an’anaviy ayol xonandasi — Adolat Ismoilova (Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli maqomchisi);
▪️ Yilning eng yaxshi an’anaviy erkak xonandasi — Bobur Kenjayev;
▪️ Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi – Jasmin (Madina Fayzullayeva) (“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi);
▪️ Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi — G‘aybulla Tursunov (“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi);
▪️ Yilning eng yaxshi raqqosasi — Dilnoza Mirzayeva (O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Navbahor” ansambli);
▪️ Yilning eng yaxshi sirk artisti — Darina Matveyeva (“O‘zbeksirk” davlat muassasasi oliy toifali artisti);
▪️ Yilning eng yaxshi qiziqchisi – Jamshid Normatov;
▪️ Yilning eng yaxshi opera ijrochisi – Otabek Nazirov (O‘zbekiston davlat simfonik orkestri).
Mukofotga sazovor bo‘lgan ijodkorlar madaniyat vazirining buyrug‘i asosida mukofotning maxsus statuyetkasi hamda sertifikati, shu bilan birga, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan moddiy rag‘batlantirildi.
Eslatib o‘tamiz, “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi yurtimizda uchinchi marotaba o‘tkazildi.