Vazir Ozodbek Nazarbekov “Behbudiy va Turkiston madaniy muhitida yangilanish jarayonlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida ishtirok etdi
2025-01-28 14:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 28-yanvar kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan “Behbudiy va Turkiston madaniy muhitida yangilanish jarayonlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida ishtirok etdi.
Mazkur anjumanda Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda alloma faoliyati va merosi yuzasidan tadqiqotlar olib borgan 50 nafarga yaqin olimlar, talaba yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy zamonasining qora kuchlari qarshiligiga qaramasdan, Turkistonda yangi usul maktablari tashkil qilish, darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh bo‘ldi. Mohir publitsist sifatida o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator asarlar va maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand”, “Oyina” nomli gazeta va jurnal nashr qildi. 1911- yili o‘zbek milliy teatrining debochasi uchun ilk pyesasini yaratib Turkiston ziyolilari orasida katta e’tibor qozondi. 1914-yili “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali o‘lkamizda teatr san’atining tamal toshini qo‘ydi. Afsuski, atoqli adib va jamoat arbobi yovuz kuchlar qurboni bo‘ldi.
Anjumanda Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi va uning ma’rifiy faoliyati; mutafakkirning davlatchilik qarashlari; milliy teatr va dramaturgiyaning asoschisi; noshirlik va maqolanavislik faoliyati undagi milliy ruhiyatning aks etishi; Yangi O‘zbekistonda M. Behbudiy va milliy ziyolilar va ularning merosiga e’tibor, kino-filmlar yaratilishi; chet ellarda M.Behbudiy va uning ilmiy merosining o‘rganilishi kabi masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar muhokama qilindi.
Ilmiy-amaliy anjumandan ko‘zlangan maqsad Turkistondagi jadidchilik harakati namoyandalari faoliyatining hozirgi kundagi ijtimoiy, madaniy va tarbiyaviy ahamiyatini o‘rganish, madaniy merosini mustaqillik yillarida o‘rganilishi, xalqqa qaytarilishi va ularning milliy istiqlol g‘oyasi targ‘ibotidagi ahamiyati masalalarini tahlil qilish, alloma merosining ma’naviy-ma’rifiy masalalari bugungi barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini aniqlashda yangi fikrlarni shakllanishiga xizmat qildi.