Vazir Ozodbek Nazarbekov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev bilan uchrashdi
2025-01-22 14:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 22-yanvar kuni Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan madaniyat va san’at sohasini isloh qilish, uni yanada rivojlantirish masalasiga juda katta e’tibor qaratib kelayotganligi, 2024-yil yakunida sohaga doir bir qator muhim qarorlar imzolanganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuv davomida hurmatli Prezidentimizning 2024-yil 20-21-avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida belgilab berilgan topshiriqlariga ko‘ra, 2025-yilning aprel-may oylarida Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasi va Taxtako‘pir tumanida “Ko‘chmanchi xalqlar” xalqaro festivalini o‘tkazish hamda 2026-yilda “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansamblining 70 yillik yubileyini o‘tkazish kabi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayevga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini topshirdi.
"Davlatimiz Rahbarining madaniyat va san’at sohasiga qaratayotgan e’tiborlaridan kelib chiqib, bu borada belgilab bergan ustuvor vazifalarning joylardagi ijrosini samarali ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida Sizning rahbarligingizda sohani rivojlantirishga har tomonlama amaliy ko‘mak berish, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanimni yana bir karra ta’kidlamoqchiman" - dedi Ozodbek Nazarbekov uchrashuv yakunida.
Ma’lumot uchun, 22-23-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xizmat safari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ladi.
Tashrif davomida:
- Madaniyat vazirligining 2024-yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan soha vakillarining bir guruhiga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi;
- "Vazir va yoshlar" loyihasi doirasida 200 nafarga yaqin qoraqalpog‘istonlik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazadi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniyat va san’at sohasiga doir amalga oshirilgan ishlarni keng targ‘ib qilish maqsadida OAV uchun tashkil etilgan press-turda ishtirok etishi rejalashtirilgan.