Brifing: 2024-yil davomida Madaniyat vazirligi hamda uning tizim tashkilotlariga kelib tushgan murojaatlar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida
2025-01-21 13:50:00 / Yangiliklar
Ma’lumki, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgandayoq bir fikrni ta’kidlagandi: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.
Ushbu elparvar tamoyil davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilanib, fuqarolar bilan mutasaddi idoralarni bog‘lovchi tizimga aylandi.
Joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilgani odamlarda muammolarini hal qilish mumkinligiga katta umid va ishonch uyg‘otdi. Davlat idoralari quyi tizimga tushib, aholi ehtiyojlari va talablari asosida ishlashni boshladi.
Xuddi shunday tamoyil asosida Madaniyat vazirligida ham 2024-yil davomida xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimi natijadorligini oshirish, murojaatlarning kamida 80 foizi mahalliy darajada qanoatlantirilishini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan joriy yil davomida Madaniyat vazirligining markaziy apparatiga 980 ta, hududiy boshqarmalarga 906 ta va vazirlik tizim tashkilotlariga 1 370 ta jami 3 256 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 562 tasi (48,0%) yozma, 1 116 tasi (34,2%) elektron va 578 tasi (17,8%) og‘zaki murojaatlar hisoblanadi.
Kelib tushgan murojaatlarning 2 989 tasi (91,8%) jismoniy shaxslar va 267 tasi (8,2%) yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlardir.
Ushbu murojaatlarning 2 630 tasi (80,8%) qanoatlantirilgan, 541 tasi (16,6%) tushuntirish berilgan hamda 85 tasi (2,6%) boshqa tashkilotga yo‘naltirilgan.
Hududiy boshqarmalar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasiga 170 ta (18,8%), Farg‘ona viloyati Madaniyat boshqarmasiga 85 ta (9,4%), Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasiga 82 ta (9,1%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligiga 74 ta (8,2%) va Surxondaryo viloyati Madaniyat boshqarmasiga 74 ta (8,2%) kelib tushgan.
Hududiy boshqarmalarga kelib tushgan murojaatlarning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 312 ta (25,6%)ga kamaygan bo‘lib, jumladan mazkur yo‘nalishda Xorazm viloyati Madaniyat boshqarmasi 61,5%, Surxondaryo viloyati Madaniyat boshqarmasi 59,6% va Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasida 59,6% murojaatlarning kamayishiga erishgan.
Prezident virtual qabulxonasi orqali vazirlik tizim tashkilotlari kesimida eng ko‘p murojaatlar Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasiga 638 ta (46,6%), “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga 114 ta (8,3%), O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga 66 ta (4,8%) va O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga 15 ta (1,1%) hamda mazkur yo‘nalishda eng kam murojaat O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga 5 ta (0,4%), “O‘zbeksirk” davlat muassasasiga 3 ta (0,2%) va Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga 1 ta (0,07%) murojaat kelib tushgan.
Kelib tushgan jami murojaatlarning yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinganda, Ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 30,0%, Teatr va sirk masalalari bo‘yicha 10,1%, Madaniyat muassasalari faoliyati bo‘yicha 9,2%, Mehnat munosabatlari bo‘yicha 6,7%, Moliya, buxgalteriya va audit masalalari bo‘yicha 6,6%, Xo‘jalik (uy-joy) masalalari bo‘yicha 6,5% va Konsert-tomosha masalalari bo‘yicha 6,2% ni tashkil etdi.
Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, murojaatlar eng ko‘p kelib tushayotgan yo‘nalishlarda hali qiladigan ishlarimiz talaygina.
Shunga ko‘ra, aholining madaniyat va san’at sohasiga oid murojaatlarini shaxsan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga yo‘llash mexanizmi ishlab chiqilib, ilk marotaba 2024-yilning 23-dekabr kuni @vazirqabuli_bot orqali yuborilgan murojaatlar vazir tomonidan onlayn qabul qilindi. Hurmatli fuqarolar endi siz ham o‘z murojaatingizni shaxsan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga yo‘llashingiz mumkin.
Vazirning onlayn qabuli doimiy ravishda tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich amalga oshirilib boriladi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, onlayn murojaat, muloqot va munozaralar kabi internetning ko‘plab imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan zarur ma’lumotlarni tez olish, mas’ul idoralar rahbarlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish ko‘pdan buyon aholini qiynab kelayotgan muammolarning hal etilishiga turtki bo‘lmoqda.
Bizni kuzatishda davom etgan holda madaniyat va san’at sohasidagi yangiliklardan boxabar bo‘ling, xayr salomat bo‘ling.