Londonda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi
2025-01-17 14:10:00 / Yangiliklar
Kuni kecha Londonda ilk bor O‘zbekistonlik san’atshunos va nufuzli ijodkor tomonidan mahorat darsi tashkil etildi.
O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi hamda Britaniyaning “Maqām Beyond Nation” loyihasi ko‘magida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqasi san’ati instituti dotsenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabovning London universiteti Sharq va Afrikashunoslik maktabi (SOAS) musiqa fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun mahorat darsi tashkil qilindi.
Mazkur mahorat darsi O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasidagi madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish hamda respublikaning musiqa va maqom san’atini keng targ‘ib etish maqsadida Londonda ilk bor o‘tkazildi.
Tadbirda ilmiy-akademik doiralar, taniqli san’atshunoslar va professorlar va talabalar va jamoat doiralarining ko‘plab vakillari ishtirok etdi.
Shu bilan birga, xorijiy tomonga respublikada madaniyat va san’atni rivojlantirish, ijtimoiy sohalar hamda ajdodlarimizning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish yo‘nalishlarida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida gapirib berildi. Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tib, O‘zbekistonning boy musiqiy merosini xalqaro auditoriyaga tanishtirishga xizmat qildi.
Maqom ustasi tomonidan o‘zining noyob ovoz san’ati, maqom ijrochiligi va musiqiy asboblarda mahoratli ijrolar taqdim etildi.
Shuningdek, mutaxassis tarafidan O‘zbekistonning qadimiy Shashmaqom san’ati haqida qiziqarli ma’lumotlar bildirilib, maqomning tarixi va zamonaviy rivoji haqida o‘z fikrlari bilan ulashdi.
Bundan tashqari, SOAS universiteti professori Reychel Xarris tomonidan 2024-yil 27-28-iyun kunlari Jizzax viloyatining Zominda o‘tkazilgan II Xalqaro maqom festivali hamda uning doirasida “Maqom san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi konferensiyasida ishtirok etganligi va tadbirlar haqidagi uning samimiy, ijobiy fikrlari aytib o‘tildi.
R.Xarrisning tadqiqotlari ayniqsa, Xitoy va Markaziy Osiyodagi nomoddiy madaniy meroslarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Nomzod etnomusiqashunoslik fanidan ta’lim berishda katta tajribaga ega. Mazkur sohaga doir ko‘plab adabiyotlar hamda maqolalar muallifi hisoblanadi.
Mahorat darsi ishtirokchilarda juda katta qiziqish uyg‘otib, qizg‘in ijobiy muhokamalar davomida xorijiy mehmonlarning faolligi ko‘rindi.
Kelgusida SOAS universiteti bilan O‘zbekiston san’at vakillari o‘rtasida madaniy tadbirlarni davom ettirish, madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.