Bir guruh doira san’ati ustalariga "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni topshirildi
2025-01-06 10:30:00 / Yangiliklar
Kuni kecha Yangi yil munosabati bilan Markaziy Osiyo doirachilari ishtirokida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston hamda qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston Respublikalaridan 250 nafar doira ijrochilari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida bayramga yig‘ilgan barcha doirachilar an’anaga muvofiq, birgalikda O‘zbekiston xalq artisti, Mehnat qahramoni Usta Olim Komilov ijodiga mansub "Tantana" asarini ijro qilishdi.
Shundan so‘ng, doira san’ati rivojiga hissa qo‘shgan bir guruh san’at vakillari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov topshirdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston doirachilari jamoat birlashmasi tomonidan doira san’atini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi hamda doira ijrochilarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelayotganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Qirg‘iziston Respublikalari xalq artisti, Tojikiston Respublikasi xalq hofizi, Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston doirachilari jamoat birlashmasi a’lochisi ramziy medali va tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Mukofotni O‘zbekiston doirachilari jamoat birlashmasi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi, professor Dilmurod Islomov topshirdilar.
Ta’kidlash joizki, o‘zbek doira ijrochiligi va undagi ustoz-shogird an’analari uzoq yillardan buyon o‘z qadr qiymatini yo‘qotmagan holda saqlanib kelmoqda. Bu jihat davlat miqyosida ham e’tirof etib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrda qabul qilingan "Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-405-sonli Qarorining 3-ilovasiga muvofiq, O‘zbekiston doira ijrochiligidagi ustoz-shogird an’analarini saqlash tajribasini YUNESKOning "Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish borasidagi eng ilg‘or tajribalar Reyestri"ga kiritish rejalashtirilgan. Hozirda mazkur qaror ijrosi bo‘yicha hujjatlar tayyorlanmoqda. Bu barcha doirachilar uchun chinakam xushxabardir.
Tadbir davomida Turon fanlar akademiyasi vitse prezidenti tomonidan tojikistonlik ustoz sozanda Sattor Fozilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, "Do‘stlik" ordeni sohibi Elmurod Islomov, Saidakmalxo‘ja Tursunxo‘jayevlarga esdalik nishonlari topshirildi.
Shundan so‘ng tadbir badiiy qismga ulanib ketdi. El suygan taniqli san'atkorlar o‘z qo‘shiqlari bilan bayramga fayz ulashishdi.