Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilot xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari bo‘lib o‘tmoqda
2024-12-19 18:00:00 / Yangiliklar
![Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilot xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari bo‘lib o‘tmoqda](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F6592c05c-2806-a8a9-5f7b-5a983ad31dbe_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Ayni kunlarda Madaniyat vazirligi tizim tashkiloti xodimlari uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Tarmoq markazida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur kurs madaniyat sohasida faoliyat olib borayotgan hududiy rahbar-xodimlar va zaxira kadrlarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, ularning zamonaviy talablar darajasida amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Kursning dastlabki darsi “Ijro intizomi va raqamlashtirish” bo‘yicha madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov hamda shartnoma asosida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘laridan to‘g‘ri samarali foydalanish bo‘yicha vazir o‘rinbosari Yusufjon Usmonov ishtiroklarida dars mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mashg‘ulot qizg‘in munozaralar va fikr almashuvlar ruhida o‘tdi. Tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb masalalarga asosli va batafsil javoblar olish imkoniga ega bo‘lishdi. Ushbu malaka oshirish kurslari hududiy madaniyat organlari rahbarlari va xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishda muhim bosqich bo‘lib, madaniyat sohasida sifatli va samarali boshqaruvni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur qisqa malaka oshirish kurslari joriy yilning 20-dekabr kuniga qadar davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu qisqa muddatli malaka oshirish kurslari Madaniyat vazirligining 2024-yil 16-dekabrdagi “Hududiy madaniyat organlarida faoliyat yuritayotgan rahbar-xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish to‘g‘risida”gi 603-sonli buyrug‘iga muvofiq amalga oshirilmoqda.