O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qatar Milliy kunida ishtirok etdi
2024-12-19 10:00:00 / Yangiliklar
Kuni kecha O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qatar davlatida bo‘lib, Qatar Milliy kunida ishtirok etdi.
Qatar Milliy kuni Dohadagi Darb as Sar majmuasida bo‘lib o‘tdi, unda dunyoning har nuqtasidan nufuzli mehmonlar ishtirok etib, maydonda tashkil etilgan Qatar milliy madaniyati va tarixini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarni tomosha qilishdi.
Qatar Milliy kuni tantanalari davomida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni O‘zbekistonning Qatardagi elchisi Ashraf Xo‘jayev kutib olib, maydondagi ko‘rgazmalar va ularning tarixi bilan tanishtirdi. Shuningdek, Qatar madaniyat vaziri Abdulrahmon bin Hamad al Tani bilan ham o‘rtasida do‘stona muloqot bo‘lib o‘tdi.
"Avvalambor, Qatar milliy kuni tadbirlariga taklif qilganligingiz uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. So‘nggi 2 yilda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalarida favqulodda yangilanish va o‘sish kuzatildi. 2024-yil madaniyat sohasida muhim voqealarga boy yil bo‘ldi. Xususan, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasida telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Davlatlarimiz Rahbarlari tomonidan oktyabr oyida katta muvaffaqiyat bilan Toshkent shahrida o‘tkazilgan Qatar Davlati madaniyat kunlari tadbirlari o‘tkazilganligi alohida e’tirof etildi. Bir yilning o‘zida ikki davlatda o‘tkazilgan o‘zaro madaniyat kunlari o‘zaro aloqalarning qay darajada ekanligidan dalolat beradi. Qatar ijodiy jamoalarining O‘zbekistondagi xalqaro festivallarda ishtiroki va boshqa tadbirlarni hisobga olgan holda, 2024-yil O‘zbekistonda majoziy ma’noda Qatar yili bo‘ldi deya olamiz" - dedi Ozodbek Nazarbekov.
Shuningdek, suhbat davomida, o‘zbekistonlik ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-tur davomida ikki davlat do‘stligini o‘zida mujassam ettiruvchi hujjatli film suratga olingani va bu film keng jamoatchilikning qiziqishlariga sabab bo‘layotgani alohida e’tirof etildi.
Ma’lumot uchun, Qatarda Qatar Milliy kuni har yili 18-dekabrda nishonlanadi.