Madaniyat vazirlari o‘rtasida hamkorlik uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-12-16 16:00:00 / Yangiliklar
Xabaringiz bor, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning qabulida bo‘ldi, shuningdek To‘qto‘g‘ul Satilganov nomidagi Qirg‘iziston milliy filarmoniyasida bo‘lib o‘tgan “Qirg‘iz-o‘zbek do‘stligi” musiqiy kechasida ishtirok etdi.
Bugun, 16-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat vaziri Altinbek Maksutov o ‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim bo‘g‘in bo‘lib, mushtarak tarix, til, madaniyat va an’analar bilan bog‘langani alohida ta’kidlandi. Xususan, xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari birlashtirib turganligi hamda 1992-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganligi va bu hamkorlikni mustahkamlashda 1994-yil 16-yanvardagi fan, ta’lim, turizm va sport sohasidagi hukumatlararo hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga muvofiq amalga oshirilayotganligi muhim o‘rin tutayotganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Toshkent va Buxoro shaharlarida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi madaniyat kunlari o‘tkazilib, unda qirg‘iz-o‘zbek do‘stligiga bag‘ishlangan gala-konsert, ko‘rgazmalar, kinofilmlar namoyish etilganligi haqida fikr yuritildi.
Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat vaziri Altinbek Maksutov 2025-yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki xalqning yanada yaqinlashishida muhim voqea bo‘lishiga ishonch bildirib, tadbir jarayonlaridagi barcha masalalarda qirg‘iz tomoni sharoitlarni yaratilishi xususida o‘z takliflarini bildirdi.
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, o‘z navbatida, 2025-yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan madaniyat kunlarida ikki xalqning yanada yaqinlashishida muhim voqea bo‘lishiga ishonch bildirdi.