"Quyosh nurlari" nomli bolalardan iborat ansamblning hisobot konserti bo‘lib o‘tdi
2024-12-16 14:00:00 / Yangiliklar
Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida “Quyosh nurlari” nomli imkoniyati cheklangan bolalardan iborat ansamblning hisobot konserti bo‘lib o‘tdi. Unda, 50 nafarga yaqin daun sindromi mavjud bolalar o‘z san’atini namoyish etishdi.
Hisobot konserti davomida bolalarga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida, taniqli san’atkorlar Hojiakbar Ro‘zmetov, Afruza hamda Afruz guruhi ishtirok etib, ular tomonidan qo‘shiqlar kuylanib, bolajonlarga bayramona kayfiyat ulashildi.
Ma’lumot o‘rnida, Fattohxon Mamadaliyev nomli jamoat birlashmasi qoshida ochilgan "Quyosh nurlari" nomli imkoniyati cheklangan bolalardan iborat ansambl 2022-yilda tashkil topgan bo‘lib, ansamblda bolalar raqs, vokal, pianino, dutor, doira kabi san’at turlarini o‘rganib kelishmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan bolalarga alohida e’tibor berilmoqda. Chunki imkoniyati cheklanganligiga qaramay ularda ham iqtidor va qiziqish bor. Ular o‘z hissiyotlarini garchi nuqsoni bo‘lsa-da, tana harakatlari orqali ko‘rsatib berishadi.
Insonlar cheksiz imkoniyatlarga ega, garchi ularda turli yetishmovchiliklar bo‘lsa ham, biroq ruh va ong osti orqali yuksak marralarga, tasavvur esa yetib bo‘lmas cho‘qqilarga chiqishi mumkin. Aslida raqs ham imkoniyati cheklangan bolalarni cheksiz imkoniyatlarini ko‘rsatib beradi.