Italiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda
2024-12-06 15:00:00 / Yangiliklar
![Italiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F91026975-2800-9b58-0bd7-cb34b2ed71a9_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
#Madaniyat_kunlari
#Italiya
Ayni kunlarda Italiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur madaniy dastur italiyalik tomoshabinlarga o‘zbek san’atining betakror jozibasini his qilish va uning jahon madaniyatidagi ahamiyatini anglash imkonini bermoqda. Madaniy tadbir doirasida Italiyaning turli hududlarida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri simfonik orkestri gala konserti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Italiyadagi madaniyati kunlari doirasida O‘zbekiston madaniyat vaziri o'rinbosari Yusufjon Usmonov boshchiligidagi delegatsiya hamda Italiya madaniyat vaziri o‘rinbosari Janmarko Massi o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
"O‘zbekiston va Italiya – bu ikki buyuk madaniyatga ega davlatlar. Italiya san’at va tamaddun markazi sifatida jahon tarixida muhim o‘rin egallasa, O‘zbekiston Sharq va G‘arbni bog‘lovchi qadimiy sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib kelgan. Bu zamin Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Farg‘oniy kabi buyuk alloma vatani bo‘lib, o‘zining boy madaniy merosi bilan ajralib turadi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tarixiga nazar solsak bu uzoq tarixga ega. Xususan, sohibqiron Amir Temur davrida davlatlarimiz o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatildi. Hozirgi kunda davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlik yuqori darajaga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturi imzolandi. Ushbu hujjatga asosan, hamkorligimiz yanada rivojlanib bormoqda" - dedi Yusufjon Usmonov.
Uchrashuv doirasida ikki davlatning madaniy hamkorligini yanada rivojlantirish uchun bir qator takliflar ilgari surildi:
Birinchi, ikki davlat teatrlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, o‘zbek teatrlari texnik mutaxassislari Italiya teatrlarida malakasini oshirish masalasini ko‘rib chiqish;
Ikkinchi, madaniyat sohasidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
Uchinchi, madaniyat markazlarini boshqarish sohasida o‘zaro hamkorlik qilish;
To‘rtinchi, O‘zbekiston madaniyat vazirligi huzurida nomoddiy madaniy merosni tadqiq qilish va uni asrash bo‘yicha ilmiy institut tashkil etilgan. Ushbu institut bilan shu sohada faoliyat olib boruvchi Italiya tashkiloti o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish;
Beshinchi, 2025-yilda O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazish;
Oltinchi, 2025-yilda O‘zbekistonda Marko Poloning 770 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish.
Yuqoridagi hamkorliklarni amalga oshirish maqsadida, ikki davlat vazirliklari o‘rtasida 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar Dasturini imzolash taklif etildi.
Uchrashuv yakunida Italiyadagi O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va madaniy hamkorlik ramziga aylanishi ta’kidlandi.
Italiyadagi O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida Rim va Viarejo shaharlarida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri simfonik orkestrining gala konserti bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida: Italiyadagi O‘zbekiston madaniyati kunlari 7-dekabrga qadar davom etadi.