Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Vazir va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi
2024-11-27 18:00:00 / Yangiliklar
![Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Vazir va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F2c64d4df-c3f6-6aae-47d6-734208e1b393_lists_slider_28747.jpg&w=3840&q=75)
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda, ularga keng ko‘lamda imkoniyat yaratish, yoshlarning madaniyati,ma’naviyatini o‘stirish, davr qahramonlariga, keng tafakkurli yoshlarimizga o‘z xohish va istaklariga qarab, ertangi kunda o‘zlarini mustaqil ko‘ra olishliklari uchun, mas’ul shaxs sifatida qobiliyatlarini inobatga olib, har taraflama to‘g‘ri yo‘nalish berish maqsadida, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan “Vazir va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Unda yoshlarning sohaga oid bir qator takliflari va mulohazalari tinglanib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Uchrashuv davomida iqtidorli talabalar o‘zlarining taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etishdi.
Muloqot chog‘ida maqom yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratish va bu yo‘lda soha vakillari yelkadosh bo‘lib ishlashi lozimligi, shuningdek, targ‘ibot masalasi ham asosiy kun tartibida turgani qayd etildi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, xususan, musiqa yo‘nalishida o‘qitish tizimini takomillashtirish, aynan mazkur ta’lim dargohi mas’uliyatiga kirishi ta’kidlandi. Shularni inobatga olgan holda, yoshlarning salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Vazir, shuningdek, O‘zMMSIda o‘tgan qisqa vaqt mobaynida qator islohotlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lganini qayd etdi. Biroq, zamon talabidan kelib chiqib, izlanishlarni izchil davom ettirish kerakligi urg‘ulandi. Qolaversa, muassasa ish tizimini raqamli texnologiyalar tizimiga integratsiya qilishga e’tiborni kuchaytirish aytildi.
Uchrashuvning esda qolarli jihatlari shunda ediki: talaba-yoshlarimiz o‘z ijod namunalari orqali yig‘ilganlarni xushnud etdi. Masalan, yozuvchi talaba qizimiz vazirga o‘z qalamiga mansub kitobini hadya qilgan bo‘lsa, yana bir surxondaryolik yosh umidli xonanda qo‘shiq kuyladi.
“Men qatori, jiddi-jahd bilan madaniyat va san’at rivoji uchun sarhad turayotgan aziz yoshlar va komillik sari intilgan iqtidor egalari, uchrashuv davomida aytgan barcha taklif va savollaringiz, mulohazangiz uchun minnatdorman. Siz va biz barchamiz muammolarni birgalikda bartaraf etamiz. Zero, barkamol avlod tarbiyasiga barchamiz birdek mas’ulmiz va murodbaxsh O‘zbekistonimizni birgalikda bunyod etamiz”- dedi, Ozodbek Nazarbekov.