O‘zbek milliy maqom san’ati markazi muzey fondiga yangi eksponatlar qo‘shildi
2024-11-27 11:50:00 / Yangiliklar
O‘zbek milliy musiqa va maqom san’atining fidoyi namoyandasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Faxriddin Sodiqov (1914–1977) xalqimiz yuragida o‘chmas iz qoldirgan san’atkor sifatida e’zozlanadi. U chang va dutorda ijro etgan betakror kuylari, maqom ilmidagi yuksak mahorati bilan san’at olamida alohida o‘rin egallagan. Faxriddin Sodiqov 1961-yildan O‘zbekiston davlat teleradiokompaniyasining maqom ansamblida faoliyat yuritib, taniqli bastakor Yunus Rajabiy bilan birgalikda maqom san’atining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. 15 yil davomida jamoaning talabchan musiqiy rahbari sifatida ko‘plab mashhur maqom ustalari bilan samarali ishlagan.
Bugungi kunda Faxriddin Sodiqov ijodiy merosi abadiy qadrlanishi uchun katta ahamiyat kasb etayotgan eksponatlar Maqom muzeyi fondiga qo‘shildi.
Sahna liboslari, faxriy yorliqlari, tarixiy suratlari va noyob gramplastinka yozuvlari uning nevarasi Umida Asqarova tomonidan hadya qilindi. Shu bilan birga, professor Ravshan Yunusov tomonidan ustozga tegishli eng noyob qo‘lyozmalar, hujjatlar va tarixiy suratlar ham muzeyga topshirildi.
Mazkur eksponatlar Faxriddin Sodiqovning ijodiy faoliyatini chuqur o‘rganish va kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.
Bu boyliklar o‘zbek milliy musiqa san’ati tarixining buyukligini yana bir bor tasdiqlaydi. Ustoz ijodiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va merosni avaylab saqlash yo‘lidagi xizmatlar uchun barcha fidoyilarga chuqur minnatdorchilik bildiramiz.
O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Tarixiy ekspozitsiya bo‘limi huzurida tashkil etilgan Maqom muzeyi — xalqimizning boy madaniy merosini saqlab qolgan noyob xazinadir.
Bugungi kunda muzeyda 4000 ga yaqin eksponat mavjud bo‘lib, ularga maqom musiqasi asboblari, qo‘lyozmalar, tarixiy fotosuratlar, ustozlarning sahna liboslari, davlat unvonlari va noyob audio-video yozuvlar kiradi.
Har bir buyum o‘zining tarixiy ahamiyati bilan ajralib turadi va O‘zbek maqom san’ati tarixini chuqur o‘rganish imkonini beradi.