Tataristonning Qozon shahrida "Sharq bozori" turkiy va sharqiy xalqlar xalqaro festivali bo'lib o'tmoqda
2024-11-27 11:00:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Tataristonning Qozon shahrida "Sharq bozori" (Восточный базар в Казани) turkiy va sharqiy xalqlar xalqaro festivali bo'lib o'tmoqda. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Festival doirasidaTatariston Respublikasi Madaniyat vazirligida Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi bosh konsuli N.Qosimov, bosh konsulning birinchi kotibi K.Davronov, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori A.Tojiboyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari R.Zarikeyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Temirbayev, Tatariston Respublikasi Madaniyat vaziri I.Ayupova, vazir oʻrinbosari D. Natfullin, vazirning xalqaro aloqalar boʻyicha oʻrinbosari V. Dautova, Tatariston Fanlar akademiyasi nomzodi A.Fayzrahmanovalar ishtirokida rasmiy uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, o'zaro madaniy aloqalar va turizmni rivojlantirish, tajriba almashish hamda kelgusida ushbu yoʻnalishlarda keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
E'tiborlisi, uchrashuvda bir necha yillardan buyon mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan "Uch avlod" uchrashuvlarini Tataristonda ham tashkil qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shundan so'ng, Qozon shahrida "Sharq bozori" turkiy va sharqiy xalqlar xalqaro festivalining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Qoraqalpogʻistonga xizmat koʻrsatgan artist B.Temirbayev va "Nihol" mukofoti sovrindori A.Piyazovlar o'z qo'shiqlari bilan ishtirok etishib, festival ishtirokchilariga xushkayfiyat ulashishdi.
Shuningdek, bugun Qozon shahrida qoraqalpolg‘istonlik hunarmandlar va rassomlar koʻrgazmasi ham o‘z ishini boshladi.
Ma'lumot o'rnida: "Sharq bozori" turkiy va sharqiy xalqlar xalqaro festivalida dunyoning 40 ga yaqin davlatlaridan ijodiy jamoalar qatnashishmoqda.
Festival 30-noyabrga qadar davom etadi.