“Bag‘rikenglik ohanglari” nomli gala-konserti bo'lib o'tdi
2024-11-15 23:10:00 / Yangiliklar
Mustaqil O‘zbekistonda millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qo‘yilgan. Ularga o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. 2019-yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu sana O‘zbekistonda haftalik doirasida keng nishonlanib kelinadi. Bu yil ham ushbu an’anani davom ettirib, 11-16-noyabr kunlari yurtimizda “Bag‘rikenglik haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda. 7 kun davomida haftalik doirasida turli madaniy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Haftalik doirasida joriy yilning 15-noyabr kuni poytaxtimizdagi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi saroyida O‘zbekiston madaniyat va san’at ustalari ishtirokida “Bag‘rikenglik ohanglari” nomli gala-konsert tashkil qilindi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari milliy madaniy markaz vakillari hamda poytaxtimiz mehmonlari jam bo‘ldi.
Anjumanda mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga yurtimizda Bag‘rikenglik haftaligining ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotganligi qayd etildi.
Ta’kidlandiki, “Bag‘rikenglik haftaligi”ni o‘tkazishining asosiy maqsadi jahon mamlakatlarining millatlararo totuvlikni ta’minlash borasidagi tajribasi va ilmiy salohiyatini birlashtirish, xalqlar madaniyatini namoyish etish, shuningdek xorijiy mamlakatlar, shu jumladan qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash hamda chet eldagi vatandoshlarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yurtimizda yashab kelayotgan barcha millat va elat, diniy konfessiya vakillarining madaniyati, tili, milliy an’analari va urf-odatlari saqlash, ular o‘rtasidagi do‘stlik va bag‘rikenglik rishtalarini yanada mustahkamlashdan iborat.
Shundan so‘ng yig‘ilganlar e’tiboriga taniqli san’atkorlar va milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan turli tillarda ijro etilgan konsert dasturi havola etildi. Turli millat yozuvchi va shoirlarining qalamiga mansub she’rlar asosida kuylangan qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinkilik ulashdi.
Qayd etish joiz, Bag‘rikenglik haftaligi doirasidagi bo‘lib o‘tgan tadbirlar aholini, ayniqsa, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, turli millatlar qadriyatlariga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalashga, shuningdek, jahonda samimiy do‘stlik g‘oyalarini targ‘ib qilish va tarannum etishga xizmat qiladi.