Malaka oshirish tarmoq markazida malaka oshirish kurslari boshlandi
2024-11-04 09:25:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda mamlakatimizda madaniyat sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida zamonaviy talablar asosida ta’lim sifatini oshirish, jumladan, madaniyat va san’at yo‘nalishida, ayniqsa teatr san’ati bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash tizimini xalqaro malaka talablar asosida tashkil etish kabi ishlarga alohida e’tibor qaratish orqali bo‘lajak teatr san’ati mutaxassislarini tayyorlashning ilg‘or xorijiy tajribalarga asoslangan tizimi yaratilmoqda. Shu bilan birga, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda madaniyat va san’at sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish, jumladan o‘quv jarayoniga teatr san’atining yetuk va malakali mutaxassislarini keng jalb qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 7-sentyabrdagi 558-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Rossiya teatr san’ati instituti (GITIS) bilan hamkorlikda 2024-yilning 1-noyabridan boshlab institut huzuridagi Malaka oshirish tarmoq markazida oliy ta’lim muassasalarining teatr san’ati yo‘nalishidagi professor-o‘qituvchilari hamda davlat teatrlaridagi yosh mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslari boshlandi.
Bunda, oliy ta’lim muassasalaridan 13 nafar professor-o‘qituvchilar hamda davlat teatrlaridan 18 nafar mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Mazkur malaka oshirish kurslariga o‘quv mashg‘ulotlarini Rossiya teatr san’ati instituti (GITIS)ning malaka mutaxassislaridan M.Oryol hamda K.Kazakevichlar olib bormoqda. O‘quv mashg‘ulotlari yuqori saviyada davom etmoqda. O‘quv jarayonlari 30-noyabrga qadar an’anaviy va masofaviy shaklda davom etadi.