Asosiy kontentga o'tish

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi NIZOM

2024-09-30 18:00:00 / Yangiliklar

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) huzuridagi Jamoatchilik kengashi (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik kengashi)ning asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlari va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

3. Jamoatchilik kengashi Vazirlik huzurida tashkil etiladi.

4. Jamoatchilik kengashi Vazirlik buyrug‘i bilan tashkil etiladi.

5. Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.

6. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, vazirlik buyruqlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Jamoatchilik kengashi a’zolarining Jamoatchilik kengashining maqsad yoki asosiy vazifalari doirasidan chetga chiqib, Jamoatchilik kengashi vazirlik bilan kelishilmagan holda bildirgan fikr-mulohazalari hamda sodir etgan xatti-harakatlari Jamoatchilik kengashining nuqtai nazarini anglatmaydi.

7. Mazkur Nizom va unga kiritiladigan o‘zgartishlar hamda qo‘shimchalar Vazirlik buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

8. Vazirlik Jamoatchilik kengashi a’zolarining sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv kurslari tashkil etadi.

 

2-bob. Jamoatchilik kengashining maqsadi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari

 

9. Jamoatchilik kengashining maqsadi O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasi bo‘yicha olib borilayotgan siyosat hamda chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga ko‘maklashishdan iborat.

Mazkur maqsadga erishish uchun Jamoatchilik kengashi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

milliy madaniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash hamda ko‘paytirish, san’at va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning ma’naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni rag‘batlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etishga;

aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizm kabi yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, jamiyatning muttasil ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan ma’rifiy ishlarni amalga oshirishga;

badiiy ijod, shu jumladan, teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga;

madaniyat muassasalari, jumladan, teatrlar, madaniyat markazlari, boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyati samaradorligini oshirish, ma’naviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanishga;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xususan, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan faoliyatning asosiy vazifalari hamda yo‘nalishlarini, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirishda, madaniyat va ijodiy muassasalar ishining samaradorligini ta’minlashda mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga;

jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, do‘stlik va ko‘pmillatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga;

Vazirlik faoliyatini jamoatchilik fikri va ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qilish, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga;

millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilishga har tomonlama ko‘maklashish.

10. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar
va funksiyalarni bajarish uchun:

kun tartibidagi masalalar, hujjatlar loyihalari, madaniyat va san’at sohasida muayyan hudud, tarmoqlarda amalga oshirilishi natijalari bo‘yicha og‘zaki yoki yozma ravishda o‘zining ekspert fikrini bildirish hamda muhokama qilish;

jamoatchilik fikri va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan materiallarni Jamoatchilik kengashi va Vazirlik rahbariyatiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish;

Vazirlik tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq majlislar va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

Vazirlikka Jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

Vazirlik yoki uning xodimlari ustidan kelib tushadigan shikoyatlarni talab qilib olish, o‘rganish va natijasi bo‘yicha Vazirlik tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan tavsiyalar berish, shuningdek, Vazirlik faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan fuqarolarning takliflari bilan tanishib chiqish;

Vazirlik faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan Vazirlikning axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;

Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatiga doir masalalar, bu borada qilinayotgan ishlar hamda majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Jamoatchilik kengashi a’zolari o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan vaqtinchalik ishchi guruh, ekspertlar guruhlarini tuzishlari mumkin.

11. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda:

jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;

Vazirlik xodimlarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;

Vazirlik xodimlari faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qilmasligi;

fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;

jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga aloqadorligi to‘g‘risida tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik hamda aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart.

Jamoatchilik kengashi nomidan intervyu berish, uchrashuv, o‘rganish va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etish faqatgina kengash raisini xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Yuqoridagi talablarni bajarish Jamoatchilik kengashi tarkibiga kiruvchi barcha a’zolar uchun majburiydir.

 

3-bob. Jamoatchilik kengashi tarkibini shakllantirish va a’zolarning
huquq va majburiyatlari

 

12. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, oliy ma’lumotli, madaniyat va san’at sohasida alohida bilim, ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, shuningdek, sohani rivojlantirishga qaratilgan amaliy takliflarni bera oladigan, sudlanmagan, zarur kasbiy fazilatlari bo‘lgan, jamiyatda alohida e’tiborga ega bo‘lgan, sohada namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari orasidan tanlov asosida qabul qilinadi.

Tanlov Vazirlik tomonidan belgilangan muddatlar, talablar va shakllarga muvofiq o‘tkaziladi.

Jamoatchilik kengashi a’zolarining soni 15 nafardan 25 nafargacha etib belgilanishi mumkin.

Bunda Jamoatchilik kengashi tarkibining kamida 20 foizini ayollar,
50 foizini nodavlat notijorat tashkiloti vakillari bo‘lishi lozim.

13. Jamoatchilik kengashining tarkibi Vazirlik buyrug‘i bilan har
2 (ikki) yilda tasdiqlanadi.

Jamoatchilik kengashining vakolat muddati yakunlanganidan so‘ng o‘z faoliyatini tugatadi va Vazirlik tomonidan belgilangan tartibda Kengashning yangi tarkibi shakllantiriladi.

14. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari va a’zolari kiradi.

15. Jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari Vazirlik tavsiyasiga asosan Jamoatchilik kengashining a’zolari orasidan saylanadi.

Saylangan rais, rais o‘rinbosari, vakolat muddati Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan belgilanadi.

Vazirlikning Jamoatchilik kengashi ishini tashkil etishga mas’ul xodimi bir vaqtning o‘zida Jamoatchilik kengashi kotibi vazifasini ham bajaradi.

16. Quyidagi holatlarda Jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:

Jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganida;

huquqbuzarlik, shuningdek, jamiyatda o‘rnatilgan axloq qoidalari hamda umume’tirof etilgan normalarni qo‘pol ravishda buzuvchi va Jamoatchilik kengashi a’zosi nomiga dog‘ tushiruvchi hamda Jamoatchilik kengashi obro‘siga putur yetkazuvchi harakatlar, nojo‘ya ishlar sodir etganda;

Jamoatchilik kengashi yoki Vazirlik nomidan shaxsiy yoki boshqa manfaatlari yo‘lida foydalanganda;

Jamoatchilik kengashi a’zolarining ko‘pchilik fikri bilan ovozga qo‘yilganda va oddiy ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullanganda;

Nizomda nazarda tutilgan o‘z vazifalarini uzrli sabablarsiz muntazam ravishda bajarmaganda, shu jumladan, Jamoatchilik kengashning majlislarida ishtirok etmaganda;

vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda;

mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan majburiyatlarni bajarmaganda.

17. Jamoatchilik kengashining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va unga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 (besh) kun ichida Vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

18. Jamoatchilik kengashi raisi o‘z vakolatlari doirasida:

Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etadi;

majlislarga raislik qiladi;

Jamoatchilik kengashi nomidan hujjatlarni imzolaydi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;

Vazirlik majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etadi;

Jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

19. Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o‘rinbosari bajaradi.

20. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:

rais yo‘qligida Jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

Jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

Jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;

Jamoatchilik kengashi ishini samarali tashkil etish bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

21. Jamoatchilik kengashining kotibi:

Jamoatchilik kengashi faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;

Jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, Vazirlik xodimlaridan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;

kun tartibiga muvofiq Jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;

Jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini Jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;

Jamoatchilik kengashi a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;

Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning Jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini ta’minlaydi;

Vazirlikning rasmiy veb-saytida Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlarni, shuningdek, ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari)ni tayyorlaydi va har chorakda Vazirlikka taqdim etib boradi;

Jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilish uchun Vazirlikka taqdim etadi;

ovoz berish natijalarini inobatga olgan holda ko‘rib chiqilayotgan masala bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tavsiyasi loyihasini tayyorlaydi va imzolash uchun Jamoatchilik kengashi raisiga kiritadi;

Jamoatchilik kengashi kotibi Jamoatchilik kengashi tarkibiga kirmaydi.

22. Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

Jamoatchilik kengashining a’zolari:

o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Vazirlik tomonidan tashkil etiladigan hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;

Jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni Jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;

Vazirlik faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;

Vazirlik xodimlari, ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni Jamoatchilik kengashiga kiritadi;

Jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;

Jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

4-bob. Jamoatchilik kengashi yig‘ilishini
tashkil etish va o‘tkazish tartibi

 

23. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi  Jamoatchilik kengashi raisi,
u yo‘qligida esa uning o‘rinbosari tomonidan zaruratga qarab, biroq yiliga kamida to‘rt marta chaqiriladi.

Jamoatchilik kengashining navbatdan tashqari majlisi Jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida chaqirilishi mumkin.

24. Jamoatchilik kengashining majlisi o‘tkaziladigan vaqt, sana, joy va kun tartibi a’zolar e’tiboriga majlis bo‘lishidan kamida uch kun oldin yetkaziladi.

Majlis bo‘lishi haqidagi xabar Jamoatchilik kengashi a’zolariga ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga xabarnoma jo‘natish, uyali mobil vositasiga qo‘ng‘iroq qilish, ish joyiga rasmiy xabarnoma jo‘natish, Vazirlik rasmiy veb-saytida e’lon berish va boshqa aloqa vositalari orqali ma’lum qilinishi mumkin.

25. Jamoatchilik kengashining majlisi, unda Jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida 50 foizdan ortig‘i (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.

26. Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

27. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari, ommaviy axborot vositalari taklif etilishi mumkin.

28. Jamoatchilik kengashi majlislari onlayn, oflayn yoki gibrid formatda ham o‘tkazilishi mumkin.

29. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan Jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va Jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.

Shuningdek, Vazirlik va Jamoatchilik kengashi a’zolarining taklifiga ko‘ra, majlislarda alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar kun tartibiga kiritilishi mumkin.

30. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan Jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, Jamoatchilik kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

31. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.

32. Jamoatchilik kengashi a’zolari majlis yakuni bo‘yicha Vazirlik tomonidan ko‘rib chiqilishi va qarorlar qabul qilinishi majburiy bo‘lgan tavsiyalar qabul qiladi.

33. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda Vazirlikka, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.

34. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror Jamoatchilik kengashi a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li orqali rasmiylashtiriladi.

Vazirlik Jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, Jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.

35. Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida Jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan hollarda, Jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

36. Quyidagi holatlar Jamoatchilik kengashi faoliyati tugatilishiga sabab bo‘ladi:

Nizomda belgilangan vakolat muddati yakunlanganidan so‘ng;

o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni yetarli darajada bajarmaganda;

Vazirlik faoliyati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazilishga sabab bo‘luvchi harakat yoki harakatsizlikni sodir etganda;

Jamoatchilik kengashi a’zolari umumiy sonining 30 foizdan ortiq qismi a’zolikni tark etganda;

Jamoatchilik kengashi majlisida ishtirok etgan a’zolarning Jamoatchilik kengashi faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullangan qarori belgilangan taqdirda tasdiqlanganda;

Qonunda ko‘rsatilgan boshqa shu kabi Vazirlik faoliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi noqonuniy harakat yoki harakatsizliklar sodir etilganda.

37. Vazirlikning buyrug‘i Jamoatchilik kengashi faoliyatini tugatish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

38. Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash Vazirlik tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

39. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning Nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiqligi Vazirlik tomonidan nazorat qilinadi.

40. Jamoatchilik kengashining qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

 

182

Oxirgi yangilanish: 2024-10-15 19:58:43