Buxoroning Qorako'l tumanida namunali madaniyat markazi foydalanishga topshirildi
2024-09-26 13:50:00 / Yangiliklar
Kuni kecha Buxoroning Qorako'l tumanida namunali madaniyat markazi foydalanishga topshirildi.
Unda, Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig'i Sherzod Tilavov, Qorakol tumani hokimi Xurshid Tohirov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Yo'ldosh Genjayev hamda sektor rahbarlari va jamoatchilik vakillari qatnashishdi.
Prezident raisligida 2023-yilning 22-dekabr kuni o’tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida har bir tumanda kinozali, kutubxonasi va to‘garak xonalari mavjud bo‘lgan madaniyat markazini barpo etish, hududlarda madaniy tadbirlar o‘tkazish va yoshlarni san’atga jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan Buxoroda ham keng ko‘lamli amaliy ishlar davom etmoqda. “Qorako'l” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritib kelgan 21-sonli “Durman” madaniyat markazi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlash ishlari olib borilib foydalanishga topshirildi.
So‘zga chiqqanlar mazkur madaniyat maskani hudud aholisi, jumladan, yoshlar o‘rtasida madaniyat va san’atni keng targ‘ib etish, iste’dodli yigit-qizlarni tarbiyalashga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Ramziy lenta qirqilgach, yig‘ilganlar markazda madaniyat xodimlari, musiqa shinavandalari uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar. Endilikda bu markazda kinozali, kutobxonasi va rubob, doira, estrada ijrochiligi hamda raqs to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilib yuzdan ortiq o‘g‘il-qizlar jalb qilinmoqda.