Vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov yig‘ilish o‘tkazdi
2024-09-26 20:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 26-sentyabr kuni “Turkiston” san’at saroyi binosida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda o'tkazilayotgan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Nazm va navo” kechasini o‘tkazish hamda O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy kechani tashkil etish bo‘yicha tashkiliy-ijodiy guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Xolbo‘tayev, Yozuvchilar raisi o‘rinbosari Gʻayrat Majid, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi Muhiddin Abdusamad hamda madaniyat vazirligi xodimlari ishtirok etishdi.
Bahodir Ahmedov tomonidan “Nazm va navo” kechasini yuqori saviyada tashkil etish hamda Til bayramiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy dastur ssenariysini pishiq va puxta ishlab chiqish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Gʻayrat Majid, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Faxriy qorovul bataloni komandiri o‘rinbosari Shahboz Mirzayev hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Teatr san’ati” fakulteti dekani Ma’murjon To‘rayevga Madaniyat vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini topshirdi.